Kun mavzusi: Yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash
2026-03-27 14:30:00 / Yangiliklar

Bugun «Ipak yo‘li erkin iqtisodiy zonasi»da aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan va dolzarb yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Andijon, Asaka, Oltinko‘l tumanlari hamda Andijon shahridagi ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalla yettiligi a’zolari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida viloyat rahbari hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar va erishilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa yoshlarni ish bilan qamrab olish eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, har bir hududda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini muntazam tahlil qilib borish, ishsiz fuqarolarni ushbu ish o‘rinlariga jalb etish, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandlikni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, har bir yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qat’iy ta’kidlandi. Bunday amaliy yondashuv orqali hududlarda ishsizlikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.



