Bugun - Yoshlar kuni
2026-02-26 08:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda Prezidentimizning tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi belgilandi. Bu kunda sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga chiqib, yoshlarning murojaat va muammolarini tinglab, yechim topishi kerak bo‘ladi.
Bugun viloyatimizda ham Yoshlar kuni doirasida turli tadbirlar, loyihalar o‘tkaziladi.
Yangi tartibga ko‘ra, soha rahbarlari joylarga borib, yoshlar bilan bevosita muloqot qiladi hamda ularni qiynayotgan masalalarni hal etish choralarini ko‘radi.
Hokimlar yoshlarga mos savdo-servis loyihalarini amalga oshiradi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganishi, ishga joylashishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida mablag‘ va grantlar ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor, ma’naviyat va boshqa yo‘nalishlarda faol yoshlar uchun qiziqarli mavzularda tanlovlar hamda yarmarkalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
