Savdo yarmarkalari tashkil etildi
2026-02-21 15:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ushbu muborak oy davomida bozorlardagi narx-navolar barqarorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzon narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yarmarkalarda sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 60 dan ortiq turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taqdim etilmoqda.
Andijon shahrining Markaziy hamda Yangi bozor dehqon bozorlari hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida xaridorlarga mol go‘shti kilosi 70-90 ming, pista yog‘i bir litri 20 ming, paxta yog‘i 18 ming, shakar kilosi 12,5 ming so‘m, guruch 10-15 ming so‘m, tuxumning donasi ming so‘m, piyozning kilosi 2 ming, sabzi 3 ming, kartoshka 4 ming so‘mdan sotilmoqda.
– Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan yarmarkada sotilayotgan mahsulotlar bozor narxidan arzonligidan, albatta, xursandmiz, – deydi Andijon tumani, Yuksalish mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Xoldarboy Hamraqulov. – Bozorlarda narx-navoning ko‘tarilib ketmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar, xalqimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun, avvalo, yurtboshimizga, qolaversa, shu kabi xayrli ishlarning boshida turgan barcha rahbarlarga rahmat.
Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati Ramazon oyi yakuniga qadar davom etadi.








