Obodlik ostonadan boshlanadi
2026-01-05 11:05:00 / Yangiliklar

Qishning sovuq kunlari bo‘lishiga qaramasdan Andijon viloyati Paxtaobod tumanida “Obodlik ostonadan boshlanadi” shiori ostida hududlarni obodonlashtirish, tozalash va sanitariya holatini yaxshilash, aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Obodonchilik hukm surgan hududlarda, avvalo, aholi sog‘lom va xush kayfiyatda bo‘ladi. Sog‘lom va ijobiy ruhdagi fuqarolar jamiyat hayotida faol ishtirok etib, uning barqaror rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Shu ma’noda tuman hokimligi tashabbusi bilan tumanning aholi gavjum joylari – bozor, savdo majmualari, avtobekatlar hududlari, mahalla guzarlari, katta avtomobil yo‘llari yoqalarida tozalash ishlari tizimli va ommaviy ravishda amalga oshirilmoqda. Ya’ni tozalash tadbirlari doirasida chiqindilar yig‘ib olinib, olib chiqib ketilmoqda, yo‘l yoqalari tartibga keltirilmoqda.
– Ana shu ishlarni amalga oshirishda nafaqat obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari, balki ko‘ngillilar, qator tashkilotlar vakillari, fuqarolar faol ishtirok etmoqda, – deydi Paxtaobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi rahbari Hamidjon Dadaboyev.
– Maqsadimiz, tumanimiz hududida tozalik va obodlikni, qolaversa, ekologik muhit barqarorligini ta’minlashdan iborat.Tozalash, obodonlashtirish ishlari tumandagi 62 mahallaning barchasida olib borilmoqda. Bu ishlarga tuman obodonlashtirish boshqarmasining maxsus texnika vositalari to‘liq jalb etilgan.


