Andijonda qancha avtomobil yo‘li ta’mirlandi?
2026-01-05 10:00:00 / Yangiliklar

Har bir hudud qiyofasini belgilaydigan muhim omillardan biri – yo‘l infratuzilmasidir. Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida obodonchilik va bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda yo‘llar qurish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda ko‘plab yo‘llar joriy va kapital ta’mirdan chiqarilib, yangi yo‘llar barpo etilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Andijon viloyatida ham qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayni kunda Andijon viloyatida 13 ming 305 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li mavjud. Shundan 2 ming 422 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil, 10 ming 883 kilometri esa ichki yo‘llar hisoblanadi.
– Yakunlangan 2025 yilda viloyatda turli toifadagi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Nurmatov. – Jumladan, yil davomida turli dasturlar doirasida 568 milliard so‘m miqdoridagi yo‘lishlarini bajarish hisobiga 1 ming 223 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi, qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shu jumladan, investitsiya dasturi doirasida 125 milliard so‘mlik ishlar bajarilib, 21 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi.
Ta’mirlash dasturlari doirasida esa 1 ming 200 kilometr yo‘l ta’mirlandi. Shundan 430 kilometri umumfoydalanishdagi avtomobil, 773 kilometri ichki yo‘llar hisoblanadi. Ushbu ishlarni bajarish uchun 443 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bilan bir qatorda, harakat xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalarga qulayliklar yaratish maqsadida 21 ta joyga svetofor, 6 kilometr masofadagi yo‘lga yo‘nalishlarni ajratuvchi maxsus to‘siqlar, 2 joyga ma’lumotlar berib turuvchi elektron tablo o‘rnatildi, 47 kilometr uzunlikdagi piyodalar va velosiped yo‘lakchalari qurildi. Bundan tashqari, yo‘l chetlariga 5 mingga yaqin yo‘l belgilari qo‘yildi va yangisiga almashtirildi.
Viloyatdagi umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarida 630 ta ko‘prik bo‘lib, o‘tgan yil davomida ularning 11 tasi ta’mirlandi. Shundan 4 tasi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyat yo‘lsozlari 2025 yilni samarali natijalar bilan yakunladi. Mavjud avtomobil va ichki yo‘llarni ta’mirlash, holatini yaxshilash borasidagi ishlar joriy yilda ham reja asosida davom ettiriladi.



