Kasbiy ta’lim tubdan isloh qilinmoqda
2026-01-04 12:15:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida endi texnikum talabalariga ham stipendiya joriy qilinishi aytib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, 2026 yildan boshlab texnikumlarda “dual ta’lim” asosida ta’lim olayotgan 100 ming o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi. Shuningdek, “a’lo” baholarga o‘qiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan farzandlarimizga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.
Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Prezidentimizning 2025 yil 23 oktyabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tizimdagi maqsad va vazifalar yaqqol aks ettirilgan.
Xujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimi tubdan yangilanadi — dual ta’lim ulushi to‘rt baravar oshiriladi, o‘quvchilarga stipendiya beriladi, 9-sinf bitiruvchilarining yarmi texnikumlarda tahsil oladi.
2026 yildan boshlab 5 may kuni «Kasb va mehnat kuni» sifatida har yili keng nishonlanadi hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy ta’limni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham dual ta’lim tizimi asosida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan bo‘lgan qator uchrashuvlari davomida yoshlarning ta’lim olish jarayoni, amaliy ko‘nikmalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish masalalari hamda kelgusida sohada malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyati yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashadi. Shuningdek, yigit-qizlar bilan samimiy suhbat qurib ularning maqsadlariga qiziqadi.
Viloyat rahbarining texnikum direktorlari, ularning o‘rinbosarlari, va tegishli mas’ullar hamda manfaatdor korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ular huzuridagi o‘quv xonalaridan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Texnikumlarda ingliz, nemis va xitoy tillarini o‘qitish sifatini oshirish masalasiko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda viloyatda jami 56 ta texnikumda 94 ta kasb bo‘yicha 45 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. 9 mingga yaqin yigit-qiz “ UzAustem”, “Dinar”, “Dirom”, “Uz Saemyung” , “Uz Tong Hong Ko‘' singari471 ta yirik ishlab chiqarish korxonalariga biriktirilib, dars mashg‘ulotlari ishlab chiqarish korxonalarining o‘zida tashkil etilgan.
22 ming 33 nafaro‘quvchigaesa o‘rta va kichik biznes subyektlarida 4+2 ta’lim jarayoni - 4 kun korxonada dual ta’lim shaklida amaliyot hamda 2 kun texnikumda dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Dual ta’lim jarayonlari asosan iqtisodiyotning sanoat, transport, qurilish, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida keng qo‘llanilmoqda. Bugungi kunda maosh olib ishlab kelayotgan o‘quvchilarimiz soni ham olti yarim mingdan oshdi.
Qisqa vaqtdagi faoliyat shuni isbotladiki, dual ta’lim bu – kadrlar muammosiga eng to‘g‘ri yechim ekan. Mazkur tizim yoshlar bandligini ta’minlash, mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, hudud iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Murojaatnomada qayd etilganidek, 2026 yilda yurtimiz yoshlarining har tomonlama yetuk kadr bo‘lib, ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoit yaratib beriladi. Bu boradagi maqsadlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.







