“Yil ayoli” milliy mukofoti doirasida faol ayollar taqdirlandi
2025-12-24 11:10:00 / Yangiliklar

Jamiyat hayotida faol ishtirok etib, samarali mehnati, yuksak mas’uliyati va tashabbuskorligi bilan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma’naviy-ma’rifiy sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ayollar “Yil ayoli” milliy mukofoti doirasida turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Tadbirda Izboskan tumanida faoliyat yuritayotgan “Sam Bright Line” oilaviy korxonasi rahbari Muqaddasxon Sodiqova “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasi g‘olibi deb e’tirof etildi. Shuningdek, “Eng namunali xotin-qizlar faoli” tanlovining Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan Xo‘jaobod tumani Mustaqillikning 27 yilligi mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli ham munosib ravishda taqdirlandi.
Marosim davomida ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, ijtimoiy soha va jamoat ishlarida yuksak natijalarga erishgan ayollarning faoliyati alohida e’tirof etildi. Ularga faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.



