O‘qitishga ilg‘or xorijiy tajribalar joriy etilmoqda
2025-12-29 09:00:00 / Yangiliklar

Andijon davlat chet tillari institutida Britaniya kengashi mutaxassislari ishtirokida “Reflektiv mashqlardan samarali foydalanish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat chet tillari instituti xorijiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ingliz tili o‘qituvchilari tayyorlash jarayonini takomillashtirish borasida Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, ta’lim dasturlarini zamonaviy talablarga moslashtirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish yo‘nalishida ishlar olib borilmoqda. Britaniya kengashi mutaxassislari, institutning ingliz tili yo‘nalishi o‘qituvchi va talabalari ishtirokidagi “Reflektiv mashqlardan samarali foydalanish” mavzusida amaliy seminar ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Seminar davomida ishtirokchilar ingliz tilini o‘qitish va o‘rganishda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish, dars jarayonida reflektiv yondashuvning o‘rni, talabalarda tanqidiy va mustaqil fikrlash kompetensiyalarini shakllantirish usullari, o‘qituvchilarning o‘z faoliyatini tahlil qilish va baholash mexanizmlari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgandi.
Yakunda seminarning natijadorligi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

