Viloyat hokimi 23 nafar og‘ir toifadagi yoshlarni otaliqqa oldi
2025-12-24 20:15:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov og‘ir toifaga kiruvchi, jumladan, boquvchisini yo‘qotgan va yaqinlari qaramog‘ida yashayotgan 23 nafar yoshni o‘z otalig‘iga oldi.
Ular bilan o‘tgan yuzma-yuz muloqot inson taqdiri, yoshlar kelajagini ta’minlash uchun muhim qadam sifatida yodda qoldi. E’tiborli jihati, viloyat hokimi har bir yoshning muammosi alohida yondashuvni talab qilishini ta’kidlab, ular bilan yakka tartibda suhbatlashishni asosiy maqsad sifatida belgiladi.
Shu maqsadda uchrashuvlar Andijon shahri mahallalari kesimida tashkil etildi: kecha ayrim mahallalardan kelgan yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, bugun yana boshqa mahallalardan taklif etilgan yoshlar qabul qilindi. Bu esa har bir murojaatni chuqur o‘rganish va aniq yechim topishga qaratilgan izchil ishning davom etayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuvlarda davomida har bir yoshning hayot yo‘li, mavjud muammolari va kelajakka oid rejalari diqqat bilan tinglandi. Ayrim yoshlar ta’lim olish imkoniyati, boshqalari ish topish, kasb o‘rganish yoki ijtimoiy qo‘llab-quvvatga muhtoj ekanini bildirdi.
Bu yoshlar bundan buyon viloyat rahbarining qaramog‘ida. Bu esa ular bilan ishlash faqat bir kunlik uchrashuv yoki bir martalik yordam bilan cheklanib qolmasligini anglatadi. Endilikda yoshlarning ta’lim olishi, kasbga yo‘naltirilishi, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi doimiy nazoratda bo‘ladi.
Mutasaddi tashkilotlar va mas’ul rahbarlarga har bir yosh bo‘yicha alohida ish rejasi ishlab chiqish, muammolarni qisqa muddatda hal etish vazifasi qo‘yildi. Bu kabi amaliy yondashuvlar yoshlar siyosatida insonparvarlik, adolat va ishonch tamoyillarini yanada mustahkamlab, har bir yosh o‘zini jamiyat uchun kerakli va qadrli deb his etishiga yordam beradi.




