Andijonda texnikumlar faoliyati yuzasidan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi
2025-12-12 19:55:00 / Yangiliklar

Bugun “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatdagi 56 ta texnikum direktorlari, ularning o‘quv ishlari, kasbiy ta’lim va yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shahar va tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi mas’ullari hamda manfaatdor korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda texnikumlarda ta’lim sifati, o‘quv-amaliy jarayonlar samaradorligini oshirish, dual ta’lim tizimini keng tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. O‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlanib, korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ular huzuridagi o‘quv xonalaridan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, texnikumlarda ingliz, nemis va xitoy tillarini o‘qitish sifatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishdagi natijalarni haftabay tahlil qilib borish vazifasi belgilandi.





