Andijonda jamoat transporti tizimida yangi davr boshlandi
2025-12-13 12:50:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Andijonda yangi avloddagi elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Shu bilan birga, viloyatimizda jamoat transporti tizimida yangi davr boshlandi. Aholiga qulay va ekologik toza transport xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan “SAMBELL” rusumidagi zamonaviy elektrobuslar viloyatimizga olib kelinib, bosqichma-bosqich shahar yo‘nalishlariga joylashtirilmoqda.
Bugun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda Transport vaziri Ilhom Mahkamov yangi qurilgan elektrobuslar parkida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Navbatdagi bosqichda keltirilgan elektrobuslar shahar ko‘chalarida belgilangan yo‘nalishlarda harakatlanish uchun yo‘lga chiqdi.
Elektrobuslarning asosiy afzalligi — ularning ekologik tozaligi va iqtisodiy samaradorligidir. Ushbu transport vositalari atmosferaga zararli moddalar chiqarmaydi, yoqilg‘i sarfi talab etilmaydi hamda harakat vaqtida shovqin darajasi past bo‘ladi.
Eng muhimi, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan: zamonaviy konditsioner tizimi, keng salon, xavfsiz harakatni ta’minlovchi elektron boshqaruv tizimlari va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Viloyatda yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu ekologik transport tizimi nafaqat shahar aholisi uchun qulaylik yaratadi, balki atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.







