“Antikorrupsiya bilimdoni”
2025-12-05 14:50:00 / Yangiliklar

Andijon davlat texnika institutida “Antikorrupsiya bilimdoni” bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan institutning Yengil sanoat va kimyo muhandisligi fakulteti “Al-ximiklar” jamoasi tashabbusi bilan talabalar o‘rtasida tadbir o‘tkazildi. Unda yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi kurash madaniyatini oshirish, halollik tamoyillarini targ‘ib etish, shuningdek, korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sirini chuqur anglashga ko‘maklashish maqsad qilindi.
Bellashuvda fakultetlarning talabalar jamoalari ishtirok etib, korrupsion holatlarga qarshi kurashish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdi. Tadbir yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shuningdek, talabalar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Chiqishlarda korrupsiyaning ayanchli oqibatlari, halollikning jamiyatdagi o‘rni hamda fuqarolik mas’uliyati badiiy tarzda yoritib berildi.
Ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim va ko‘nikmalari savol-javoblar, ijodiy chiqishlar orqali sinovdan o‘tkazildi, nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
– Tadbirda ishtirok etib, nafaqat men, balki barcha tengdoshlarim korrupsiya qanchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yanada chuqurroq anglab yetdik, – deydi Mashinasozlik iqtisodiyoti va boshqaruvi fakulteti 1-bosqich talabasi Latofatoy Tojimatova. – Shu bois, korrupsion holatlarga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz bo‘lishga harakat qilamiz.
Yakunda g‘olib jamoalar hamda bellashuvning faol ishtirokchilari institut rektorati tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
“Antikorrupsiya bildimdoni” bellashuvi talabalarning bu boradagi bilim va tushunchalarini mustahkamlash bilan birga, institutda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi targ‘ibot ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.




