Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi ortadi
2025-12-05 09:45:00 / Yangiliklar

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni.
Andijon davlat universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, amaliyotni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik o‘quv- seminar bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni oldidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamkorligida Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘quv- seminarlar o‘tkazilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish Andijon viloyati hududiy kengashi a’zolari, hokimlik organlari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda Andijon viloyatidagi korrupsiya holati bilan bog‘liq vaziyat, mazkur yo‘nalishdagi yutuq va muammolar tahlil qilindi, korrupsiya xavfini baholash bo‘yicha xalqaro va milliy yondashuvlar, ichki nazorat vositalaridan foydalanish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
–Qo‘shma dastur doirasida o‘tkazilayotgan seminarning maqsadi hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirish, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi kotibiyati mudiri, Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi kotibi Nasibaxon To‘ychiyeva. – Bundan tashqari, O‘zbekistonda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa xalqaro standartlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik ishtiroki va faolligini oshirish, aholi va davlat tuzilmalari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashdir.
Tadbirning birinchi kunida huquqiy savodxonlik, korrupsiyaga qarshi bilimlarni oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashning amaliy usullarini joriy etish hamda fuqarolarning so‘rovlari ijrosini monitoring qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Seminarning ikkinchi kuni mashg‘ulotlarida trenerlar tomonidan ishtirokchilarga fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik, aholi, jurnalist va blogerlarning so‘rovlari yuzasidan to‘g‘ri va shaffof ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha keng bilim va tushunchalar berildi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or va samarali ish uslublarini amaliyotga joriy etish, mutasaddilarning bilim va malakalarini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminar korrupsiyaga qarshi nazoratning yanada aniq va zamonaviy mexanizmlarini yaratish, korrupsiyaga oid qonunbuzarliklarni samarali aniqlash va bartaraf etish, xarajatlar va qabul qilinayotgan qarorlarni nazorat qilish hamda ana shu yo‘nalishdagi tashabbuslarni faollashtirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga, shuningdek, boshqaruv idoralari, aholi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida yanada ochiq muloqotni rag‘batlantirishga yaqindan yordam berdi.
Ikki kunlik seminar-treningda hokimlik va davlat organlari, fuqarolik jamiyati idoralari vakillari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.


