Atrof-muhitni asrash masalalari muhokama qilindi
2025-12-01 09:45:00 / Yangiliklar

So‘nggi kunlarda mamlakatimiz hududlarida atmosfera havosining keskin yomonlashuvi kuzatilib, ayrim hududlarda tabiiy-iqlim sharoiti va tashqi omillar ta’sirida havo sifati me’yordan past darajaga tushib ketdi. Mazkur holat aholi salomatligi, ekologik barqarorlik va kundalik hayot faoliyati uchun muayyan xavflar keltirib chiqarishi mumkinligi inobatga olingan holda, bu borada samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish dolzarb vazifaga aylandi.
Shu maqsadda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat darajasidagi barcha tegishli tashkilotlar rahbarlari, mutasaddi idora va muassasalar mas’ullari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi havo sifatidagi keskin o‘zgarishlarning sabablari, ularni bartaraf etishning ustuvor yo‘nalishlari hamda aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan keng ma’lumot berdi.
Xususan, atrof-muhit musafoligini ta’minlash, zararli chiqindilarni kamaytirish, yo‘llar va ochiq maydonlardagi tozalash ishlarini kuchaytirish, yashil hududlarni kengaytirish, sanoat korxonalarida nazoratni yanada qat’iylashtirish kabi vazifalar alohida belgilab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida har bir soha rahbarlari va mas’ul idoralarga o‘z vaqtida va tizimli ish olib borish, monitoring ishlarini kuchaytirish, aholiga aniq va tezkor ma’lumot yetkazish, ehtiyot choralariga rioya etish bo‘yicha tushuntirishlar olib borish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Viloyat rahbari muammoga beparvo munosabatga yo‘l qo‘ymaslik, barcha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini ta’minlash hamda aholi salomatligini himoya qilishni eng ustuvor vazifa sifatida belgilab, mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.







