Tuman tarixi va turizm salohiyati
Tuman tarixi
Amudaryo tumani O‘zbekiston Respublikasining yer maydoni va iqtisodiy salohiyati jihatidan yirik tumanlaridan biri hisoblanadi. Tuman o‘zining geografik joylashuvi, ijtimoiy-siyosiy o‘rni hamda vujudga kelgan turmush tarzi tarixiga ko‘ra boshqa tumanlardan keskin farq qiladi.
Agar Amudaryo tumanining o‘tmish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning ildizi eng mo‘tabar, muqaddas qadimgi qo‘lyozmamiz “Avesto”ga borib taqaladi. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig‘ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. Demak, Amudaryoning o‘ng va chap sohillarida yastanib yotgan Amudaryo tumani xalqi haqli ravishda bu qimmatli ma’naviy merosning vorislaridir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining rivojlanish bosqichlari ham aynan o‘sha tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Ustyurt pasttekisligidan to Sulton Uvays tog‘larigacha cho‘zilgan bu ko‘hna zamin bag‘rida qanchadan-qancha ajdodlarimiz turmush tarzi bilan bog‘liq sir-sinoatlar yashirin, bir vaqtlar hayot gurkirab rivojlangan qal’alar hamon sir-sinoatga to‘la. Ana shu qal’alarning 14 tasi Amudaryo tumani hududiga to‘g‘ri keladi. Birgina “Chilpiq” qal’a qo‘rg‘onidan topilgan turli ashyolar juda ulkan – 3 ming yillik xotiralardan so‘zlaydi. Shuning uchun ham amudaryoliklar tuman hududida joylashgan Chilpiq, Beshtepa, Jumurtog‘, Qoratog‘, Uvlon, Gaur, Qipchoq, Mang‘it qal’alariga vorislik nazari bilan qarashadi va bu tarixiy obidalarni ilmiy tadqiq etishni, bus-butun avlodlarga yetkazishni o‘zlarining burchlari deb bilishadi.
Amudaryo tumanida turkiy xalqlarning 92 urug‘i avlod vakillari istiqomat qilishadi. Xususan, Qo‘ng‘irot, Qipchoq, Xitoy, Nayman, Uyg‘ur, Toma, Turkman, Qozoq, Qoraqalpoq, Nazarxon, Os, Sangar, Ocha, Uyshin, Qangli kabi yuzdan ziyod ovul, elat, mahalla va qavmlar o‘tmishi ham ilmiy tadqiq etilishini kutib turibdi.
Mustabid tuzumi davrida Amudaryo tumani O‘zbekistondagi boshqa tumanlar kabi o‘z tarixiy ildizidan ajratilgan, faqat xomashyo yetishtiruvchi hududga aylantirildi. 1957-yil 18-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosati qaroriga muvofiq Xorazm viloyatining Mang‘it, Qoraqalpog‘iston avtonom sovet sotsialistik Respublikasining Qipchoq tumanlari birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan bu yirik agrar tuman to O‘zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar sobiq SSSRning xom ashyo bazasi vazifasini o‘tab keldi. Buni XX asrning 60-yillaridan to 1990-yillargacha bo‘lgan turg‘unlik davriga muhrlanib qolgan xalq turmush tarzining naqadar ayanchli kechganini o‘sha davrlarning jonli guvohi bo‘lgan bugungi keksa avlod vakillari xotiralaridan bilib olish mumkin.
Sobiq SSSR davrida tumanda bitta shahar tipidagi posyolka va 10 ta ovul Kengashi bor edi. Har ovulda nari borsa 2 ta maktab, bittadan klublar aholiga xizmat ko‘rsatardi. Aholining asosiy qismi agrar sohada mehnat qilishar, butun boshli yirik tumanda bitta markaziy shifoxona va uchta qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud edi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Amudaryo tumani iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-ma’naviy va ma’rifiy va ma’rifiy jihatdan keskin rivojlanish pallasiga kirdi. Chunonchi, mustaqillik yillarida faqat aholiga tomorqa yerlari ajratish 2,5 baravarga ko‘paydi.
Mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklari tashkil etilishi tufayli aholi tomorqasida yetishtirilgan poliz va sabzavot mahsulotlari yil sayin oshib bordi va qo‘shni tumanlar, hatto chet davlatlarga eksport qilish darajasiga yetdi.
1990-yillarda tuman aholisi kartoshka, bug‘doy, un mahsulotlari, konditer va go‘sht-sut mahsulotlari iste’moli bo‘yicha sobiq ittifoq miqyosidagi ko‘rsatkichdan ham eng past pog‘onada turgan bo‘lsa, bugungi kunda aynan yuqoridagi mahsulotlarni nafaqat yetishtiruvchi, balki ehtiyojmand tumanlarga, qo‘shni respublikalarga eksport qiluvchi tuman darajasiga yetdi.
CHILPIQ YODGORLIGI HAQIDA BIZGA NIMALAR MA’LUM?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi Ustyurt pasttekisligidan to Sulton Uvays tog‘larigacha bo‘lgan joylarda o‘tmish tarix izlarini ko‘rish mumkin. Sir-sinoatlarga to‘la mahobatli qal’alar qoldiqlaridan bu yerlarda bir paytlar hayot qaynaganini, madaniyat gurkirab yashnaganini, taraqqiyot rivojlanganini, bu yerlarda yashab o‘tgan ajdodlarimizning ham ma’naviyatli va zukko insonlar bo‘lganligini anglash qiyin emas. O‘tmish yodgorligi bo‘lgan ana shu qal’alarning 14 tasi Amudaryo tumani hududiga to‘g‘ri keladi.
Shulardan biri bo‘lgan Chilpiq qal’asining yoshi ikki ming yildan ortiq. Chilpiq tarhi xalqa shaklida bo‘lib, Nukus shahridan 43 km. janubda joylashgan. Chilpiq – bu daryo sathidan 35-40 metr balandikdagi 65 metr diametrga ega tomsiz dumaloq minora bo‘lib, tabiiy yassi tepalikning cho‘qqisida joylashgan. Chilpiq aylana shaklda bo‘lib, atrofi qalin paxsa devor bilan o‘ralgan, bir tomoni kirish yo‘li sifatida ochiq qoldirilgan. Chilpiqning 6-8 metrlik devori saqlangan, ichki radiusi 12 metr. Qadimgi devorlarning bizgacha nuramasdan kelishining siri, yomg‘irdan saqlovchi suvoqlarning o‘rnatilishida. Suvoqlar daryo ultonidagi soz loydan olingan va har qanday zax, zilzilalarga qarshi turishi uchun poydevor tagiga qum to‘shalgan. Mahalliy aholi Chilpiqning barpo etilishini afsonaviy devlar bilan bog‘laydi. Chilpiq hududidan islomgacha bo‘lgan qadimgi dafn marosimlariga xos yodgorliklar topilgan. Olimlar fikriga ko‘ra, Chilpiq otashparastlar jasadlarini keltirib qo‘yadigan maxsus dahma vazifasini bajargan. IX-X asrlarda, Qadimgi Xorazmning gullagan vaqtlarida qayta ta’mirlangan. Xorazmliklar Chilpiqdan Xorazmshohlar davlatining boshqa qal’alari bilan bir qatorda xabar yetkazish va mudofaa inshooti sifatida foydalanishgan. Chilpiq o‘z vaqtida fasllar almashinuvi, Amudaryo suvi toshishi va qaytishi kabi dehqonchilik uchun juda muhim o‘zgarishlarni oldindan astronomik kuzatish va kalendar xizmati yuritish joyi bo‘lgan degan fikrlar ham mavjud.
Chilpiq – Amudaryo sohili va tumanimiz hududida joylashganligi sababli tumanimiz timsoliga aylangan. Bundan tashqari, o‘zining tarixiy ahamiyatga ega ekanligi va noodatiy shakli tufayli Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat gerbida ham tasvirlangan.
