“Kasblar festivali” hamda “Mehnat yarmarkasi” tadbirlari davom etmoqda
2025-10-26 17:20:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani 1-sonli politexnikumida yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Kasblar festivali” hamda “Mehnat yarmarkasi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarga zamonaviy kasblar olamidagi yangiliklarni tanishtirish, ularning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, bitiruvchi yoshlarni bandlik bilan ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Festival davomida o‘quvchilar va ishtirokchilar uchun turli soha vakillari tomonidan kasbiy mahorat ko‘rgazmalari, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasida esa tuman Kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi hamda hududdagi korxona va tashkilotlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilib, ishtirokchilarga o‘ziga munosib ish joyini tanlash imkoniyati yaratildi.
Tadbir doirasida yoshlar o‘z qiziqishiga mos kasbni tanlash, tajribali ustozlar bilan suhbatlashish va ishga joylashish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“Kasblar festivali” va “Mehnat yarmarkasi” yoshlar uchun nafaqat amaliy tajriba maydoni, balki kelajak kasbini tanlashda muhim yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilmoqda.









