Amudaryoda paxta yig‘im-terimi — uyushqoqlik va samaradorlik namunasi
2025-10-04 11:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida paxta — nafaqat iqtisodiyotimizning tayanchi, balki xalqimiz mehnatsevarligi va fidoyiligini namoyon etuvchi ramzlardan biridir. Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Amudaryo tumanida ham paxta yig‘im-terim mavsumi uyushqoqlik va yuqori samaradorlik bilan olib borilmoqda.
Tumandagi fermer xo‘jaliklari dalalarida ish qizg‘in. Ayniqsa, zamonaviy paxta terish mashinalari terim jarayonida asosiy yordamchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ulardan foydalanish tufayli dalalarda mehnat unumdorligi sezilarli darajada oshib, paxta yig‘ib olish jarayoni ancha tezlashmoqda.
Masalan, Bobur nomli ovuldagi “Sitmomut” fermer xo‘jaligi misolida aytadigan bo‘lsak, 100 gektarlik paxta maydonida terim ishlari to‘liq texnika asosida tashkil etilgan. Natijada “Sulton” navli paxtadan gektariga 45–50 sentnergacha hosil olinmoqda. Paxta terish mashinalari esa kuniga 20–25 tonnagacha paxta yig‘ib-terib olish imkonini bermoqda.
Shu kabi, “Umid Azimxo‘ja” fermer xo‘jaligi ham ilg‘or texnologiyalardan unumli foydalangan holda yuqori samaradorlikka erishmoqda. 65 gektarlik maydonda gektariga 55–60 sentner hosil olinayotgani — zamonaviy texnikalar va samarali agrotexnik tadbirlarning yaqqol natijasidir.
Joriy yilda Amudaryo tumanida paxta terimiga jami 12 ta paxta terish mashinasi jalb qilingan bo‘lib, ularning 10 tasi 2025-yil mavsumi uchun yangidan xarid qilingan texnikalardir. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermerlarga keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Amudaryolik fermerlar bugun o‘z mehnatini zamon talablariga mos tarzda tashkil etib, yangi texnikalar yordamida nafaqat hosildorlikni oshirmoqda, balki o‘z tadbirkorligini ham yanada rivojlantirmoqda.
Paxta terimi — nafaqat daladagi ish, balki haqiqiy mehnat bayramidir. Tumanimizda aholining terim jarayonidagi faolligi buning yaqqol dalili bo‘lib xizmat qilmoqda. “Abdulla” fermer xo‘jaligining 60 gektar maydonidagi hosil asosan qo‘l mehnati asosida yig‘ib olinmoqda. Bu yerda terimchilarga barcha sharoitlar yaratilgan: issiq ovqatlar tashkil etilgan, terilgan paxtaning har kilogrammi uchun 2000 so‘mdan haq o‘z vaqtida to‘lab berilmoqda.
Mehnatkash terimchilar bundan mamnun holda, yuqori kayfiyat va shijoat bilan paxta terishmoqda. Ularning fidoyiligi va mehnatga bo‘lgan mehr-muhabbati tufayli bu yilgi paxta xirmoni baland bo‘lishiga ishonch katta.
Bugungi kunda Amudaryo dalalarida olib borilayotgan paxta yig‘im-terimi — texnika va mehnat uyg‘unligining, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va xalqimizning fidoyiligini o‘zida mujassam etgan yorqin manzaradir. Hosildor dalalar, samarali texnikalar va fidoyi mehnatkashlar tufayli bu yilgi paxta mavsumi ham yuqori natijalar bilan yakunlanishi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.






