Ustoz – millat tayanchi, kelajak bunyodkori
2025-09-30 15:50:00 / Yangiliklar

Har bir millatning ertangi kuni, taraqqiyoti va ravnaqi avlod tarbiyasiga bog‘liq. Avlod tarbiyasini esa yuksak ma’rifat va sabr-toqat bilan amalga oshiruvchi siymo – bu ustozdir. Shu bois ham yurtimizda 1-oktabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” yuksak ehtirom va qadriyat ramzi sifatida keng nishonlanadi.
Amudaryo tumanida ham ushbu qutlug‘ sana katta ko‘tarinkilik bilan qarshi olindi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan “Sher” to‘yxonasida ustoz va murabbiylar uchun bayram dasturxoni yozildi.
Tantanali tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sapargul Utemuratova, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov, Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri Mansur O‘razboyev hamda boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etib, fidoyi pedagoglarni samimiy tabrikladilar.
So‘zga chiqqanlar o‘z tabrik nutqlarida bugungi kunda mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, o‘qituvchilarning mehnatini munosib qadrlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, moddiy-ma’naviy rag‘batini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olganlar, ustoz va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni hech qachon o‘z qadrini yo‘qotmasligini, bugungi islohotlarning bosh maqsadi ham aynan ta’lim-tarbiya sohasi fidyilarining mehnatini e’zozlash, kelajak avlodni bilimli, yurtga sadoqatli qilib tarbiyalash ekanligini alohida ta’kidladilar.
Tadbir davomida bir guruh yuksak natijalarga erishgan, yosh avlod tarbiyasida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ustoz va murabbiylar, tarbiyachi, pedagog xodimlar tuman hokimining tashakkurnomasi hamda ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu, albatta, ularning fidokorona mehnatiga bo‘lgan munosib e’tibor va hurmat ifodasi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, har bir xalq o‘zining ma’naviy kamoloti va kelajagini ta’lim-tarbiya tizimisiz tasavvur eta olmaydi. Ustoz – bu millatning ma’naviy poydevorini yaratuvchi, kelajak avlodni tarbiyalovchi buyuk shaxsdir. Shu bois, ularning mehnatini qadrlash, ustoz shaxsiga ehtirom ko‘rsatish barcha davrlarda dolzarb bo‘lib kelgan.
Yurtimizda 1-oktabr sanasini “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida nishonlash “O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilandi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da belgilangan vazifalar asosida mustahkamlandi.
Mazkur hujjatlar asosida ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu asosda 1-oktabr kuni mamlakatimizda rasmiy ravishda o‘qituvchilar va murabbiylar bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Bu sana jamiyatimizda ustozlarga bo‘lgan yuksak ehtirom va minnatdorlikning ifodasidir.
Bayram tadbirida tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan ijro qilingan sho‘x va shodon kuy-qo‘shiqlar, samimiy tabriklar, mehr va ehtiromga boy daqiqalar barchaga unutilmas bayramona kayfiyat ulashdi.
Yurtimiz taraqqiyotining bosh omili bo‘lgan ta’lim-tarbiya tizimi rivojini ustoz va murabbiylar mehnatisiz tasavvur etilmaydi. Bugungi ehtirom, berilgan yuksak qadriyat esa nafaqat ularning mehnatini qadrlash, balki yosh avlod qalbida ham ustozga sadoqat, jamiyatga mas’uliyat tuyg‘usini singdiradi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









