Jasorat sinfi – Vatanga sadoqat maktabi
2025-09-25 17:55:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani Xotira maydonida yurtimiz kelajagi, ertangi kunimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar uchun muhim va esda qolarli tadbir - 56-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan jasorat sinfi o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligida mas’ul rahbarlar, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hududiy rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida O‘zbekliston va Qoraqalpog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng o‘quvchilar birin-ketin va’da berish maydoniga chaqirildi.
Jasorat sinfi tashkil etilishidan maqsad – yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik milliy va umuminsoniy qadriyatlarga humat, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ta’lim oluvchilarni “Temurbeklar maktabi” va “Jaloladdin Manguberdi” nomidagi harbiy akademik litseylar hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun maqsadli tayyorlashdir. Bu sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilar nafaqat nazariy bilim, balki dastlabki harbiy tayyorgarlik ko‘nikmalarini ham egallab boradilar. Shuningdek, ularning ijodiy qobiliyatlari, jismoniy tayyorgarligi ham rivojlantiriladi.
Shu jihatdan qaraganda, jasorat sinfi yoshlarning nafaqat kelgusida harbiy xizmatga munosib bo‘lishi, balki ularning mustahkam irodali, qat’iyatli va intizomli inson bo‘lib voyaga yetishida ham muhim o‘rin tutadi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar o‘quvchilar va ularning ota-onalarini ushbu muhim voqea bilan samimiy tabrikladilar. Ular yoshlar zimmasiga yuklanayotgan mas’uliyatni yuksak qadrlab, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish har bir fuqaroning sharafli burchi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbir davomida tuman Sport maktabi shug‘ullanuvchilari o‘z chiqishlari bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdilar. Yosh sportchilarning kuch-quvvat, epchillik va matonatni namoyish etgan chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Qayd etish joizki, ushbu jasorat sinflariga maktablarning 4-sinfini muvaffaqaiyatli yakunlagan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Jasorat sinflarida o‘qish muddati 7 yil (5-11-sinflar) ni tashkil etadi. Ushbu sinflardagi o‘quvchilar soni 26 nafardan ortiq bo‘lmasligi belgilangan.
Bugun yurtimizda yosh avlodni ma’naviy barkamollik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jasorat sinflarining tashkil etilishi ham ana shu ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi bo‘lib, ertangi kun egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Zero, Vatan taqdiri, uning kelajagi yoshlarning bilimdonligi, matonati va sadoqatiga chambarchas bog‘liqdir. Tumanimizda o‘tkazilgan ushbu marosim esa navqiron avlod qalbida yurtga mehr, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









