YANGI O‘QUV YILINING ILK QO‘NG‘IROQ SADOLARI YANGRADI
2025-09-03 08:45:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabida ham ushbu ulug‘ kun tantanali tarzda, katta quvonch va hayajon bilan nishonlandi. Maktab hovlisi bayramona bezatilib, o‘quvchilarning beg‘ubor quvonchi, ota-onalarning faxrli nigohlari va ustozlarning samimiy tabassumlari bir-biriga uyg‘unlashib, bayram kayfiyatini yanada oshirdi.
Tadbirda Amudaryo tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov ishtirok etib, bolajonlarni yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda “Bilimlar kuni” bilan qizg‘in tabrikladilar. Tuman hokimi o‘z nutqida maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kichkintoylarga hamda barcha o‘quvchilarga samimiy tilaklarini izhor qildi.
Bayram tadbirida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tomonidan Vatan madhi tarannum qilingan kuy-qo‘shiqlar yangradi, sahnada rang-barang raqslar ijro etilib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Ularning beg‘ubor ovozlari va jo‘shqin raqslari barchaning qalbiga quvonch bag‘ishladi.
Birinchi sinf ostonasiga ilk bor qadam bosayotgan kichkintoylarga muhtaram Prezidentimizning esdalik sovg‘alari topshirilishi bolajonlar uchun bir olam quvonch bag‘ishladi. Kichkintoylarning yuzida paydo bo‘lgan beg‘ubor tabassumlar — bu ezgu e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shundan so‘ng, yangi o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Qo‘ng‘iroq sadosi ilmga chanqoq o‘quvchilar qalbiga quvonch bag‘ishlab, ularni yangi marralar sari chorladi. Shu tariqa sinfxonalarda dars mashg‘ulotlari boshlandi, bilim olish sari ilk qadamlar qo‘yildi.
Shu kuni tumanimiz bo‘ylab barcha 86 ta umumta’lim maktablarida “Bilimlar kuni” keng nishonlandi. Sana munosabati bilan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligidagi rahbarlar tumanning eng chekka hududi bo‘lgan Nazarxon ovulidagi 3-sonli hamda 58-sonli maktablarga tashrif buyurib, bolajonlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy tabrikladilar.
Tashrif chog‘ida tuman hokimi maktab ma’muriyati va ota-onalar bilan yaqindan suhbat qurib, o‘quvchilarning yaxshi o‘qib, bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Tuman hokimi o‘z tabrik so‘zida yurtimizda ta’lim-tarbiya rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning amaldagi ijrosi, erishilayotgan yutuqlar xususida so‘z yuritdi. O‘quvchilarga imkoniyatlardan samarali foydalanib, chuqur bilim olib, yuksak maqsadlarga intilib, kelgusida Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga to‘la ishonishini bildirdi.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan yangilash, uni xalqaro talablarga mos darajaga olib chiqish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda izchil islohotlar olib borilmoqda.
Zamonaviy maktablar, bolalar bog‘chalari va oliy ta’lim muassasalari binolari qurilmoqda, mavjudlari esa kapital ta’mirlanib, o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida Amudaryo tumanida investitsiya dasturiga asosan Choyko‘l ovulidagi 59-sonli maktabda umumiy qiymati 4 milliard 687 million so‘mlik qurilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 180 o‘quvchi o‘rinli 2 qavatli o‘quv binosi va 12x24 metr o‘lchamli sport zali bunyod etilmoqda.
Shuningdek, 2025-yilgi investitsiya dasturi asosida Bo‘zyop ovulidagi 68-sonli maktabga qiymati 5 milliard 950 million so‘mlik yangi binolar qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, 330 o‘quvchi o‘rinli 3 qavatli o‘quv binosi va 12x24 metr o‘lchamli sport zali qurilishi jarayonlari yuqori sur’atlarda davom etmoqda.
Barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari binolari 2025-2026-o‘quv yiliga o‘quvchilarni qabul qilishga tayyor holatga keltirilib, mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari hisobidan barcha maktablarning sinf xonalari to‘liq kosmetik ta’mirlangani o‘quvchilar uchun qulayliklar yaratmoqda.
Sohadagi bu islohotlarning barchasi yosh avlodni barkamol, yuksak bilimli, keng dunyoqarashli qilib tarbiyalashga, ularda Vatanga sadoqat hissini va milliy g‘ururni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Zero, bugungi o‘quvchi — ertangi yetuk mutaxassis, ilm-fan egasi, xalqimizning yorqin kelajagini bunyod etuvchi insondir.
2-sentabr sanasi bu faqat yangi o‘quv yilining boshlanishi emas, ezgu orzular, ulkan maqsadlar sari yo‘l ochuvchi, qalblarda umid va ishonch uyg‘otuvchi bayramdir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









