Mustaqillik bayrami hamda paxta terimi mavsumi oldidan nuroniylar uchun dasturxon yozildi
2025-09-02 17:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ishtirok etib, yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Hokim o‘z tabrik so‘zida istiqlol yillarida yurtimiz hayotida erishilgan ulkan o‘zgarishlar, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, nuroniylarga sihat-salomatlik, bardavom umrlari uchun ezgu tilaklarini izhor etdi.
Turli noz-ne’matlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida yig‘ilgan nuroniylar istiqlolning eng buyuk ne’mat ekanini, mustaqillik tufayli xalqimiz hayoti tubdan yangilanganini, yurtimiz taraqqiyot sari yuksalayotganini ta’kidlab, bugungi dorilomon kunlarga shukronalar keltirdilar.
Darhaqiqat, bugun xalqimiz istiqlol tufayli o‘z taqdirini o‘zi belgilayotgan, erkin va ozod hayot kechirayotgan millatga aylandi. Mustaqillik bizga eng avvalo milliy qadriyatlarimizni tiklash, tarixiy xotiramizni qayta jonlantirish, ezgu orzu-intilishlarimizni amalga oshirish imkonini berdi. Istiqlol tufayli yurtimizda tinchlik va osoyishtalik qaror topdi, farovon hayot sari yo‘l ochildi. Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlar – bularning barchasi mustaqillik tufayli yuz bermoqda.
Shu bois, nuroniylar dasturxonida qilingan duolar, yurtimizda hukm surayotgan hamjihatlik va totuvlik, ezgu niyatlar – barchasi mustaqillikning mevasidir, desak, aslo mubolag‘a emas. Zero, istiqlol – bu bizning bebaho boyligimiz, milliy g‘ururimiz va kelajak avlodlarga eng katta merosimizdir.
Tadbir mobaynida milliy boyligimiz bo‘lgan paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishi arafasida ekanligimiz yodga olindi. Oq oltin xalqimizning tirikchiligi va iqtisodiy barqarorligida muhim o‘rin tutishi, uni nes-nobud qilmay, yig‘ib-terib olishda hamjihatlik bilan harakat qilish zarurligi ta’kidlandi. Paxtakor dehqon va fermerlarimizga kuch-g‘ayrat, shijoat, samarali mehnat tilab, duoga qo‘l ochildi.
Tadbirda faxriy nuroniylar ham so‘z olib, samimiy tabrik va tilaklarini bildirdilar. Ularning har bir so‘zi hayotiy tajriba, oqibat va duoga boy bo‘lib, barcha yig‘ilganlarda yuqori taassurot qoldirdi.
Tadbir mobaynida tuman Madaniyat bo‘limi xonanda va ijodkorlari tomonidan kuylangan qo‘shiq va navolar yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. Milliy ruh va zamonaviy ohang uyg‘unligida jaranglagan kuy-qo‘shiqlar nuroniylarning qalbiga quvonch bag‘ishladi. Ijodkorlarning samimiy chiqishlari, dilbar ohanglari va yorqin kuy-qo‘shiqlari tadbirning tantanavor ruhini yanada yuksaltirdi.
Bayramlar arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli tadbirlarning ahamiyati beqiyosdir. Zero, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtirom, ularga yaratilayotgan sharoit va g‘amxo‘rlik — bu, avvalo, yosh avlod uchun ibrat maktabidir. Mehr-oqibat, duo-yu tilaklar, jamiyatdagi birdamlik kayfiyati ana shunday uchrashuvlarda yanada mustahkamlanadi. Bu esa el-yurtni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi, hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlaydi.
Shu bois, Mustaqillik bayrami va paxta yig‘im-terimi mavsumi arafasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv nafaqat nuroniylar uchun e’tibor ramzi, balki butun tuman hayotida birlik, totuvlik va ezgu niyatlarning timsoli sifatida yodda qoladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









