Paxta urug‘chiligi bo‘yicha seminarga Amudaryo mezbonlik qildi
2025-08-14 16:45:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani Toshyop ovulidagi “Bekmon Allaberganov” fermer xo‘jaligi bugun qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari uchun muhim voqeaga mezbonlik qildi. Bu yerda 2025-yilgi mavsum oldidan respublika miqyosida o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘quv-amaliy ko‘rgazmali agrar soha bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – g‘o‘za maydonlarida urug‘lik uchun ekilgan paxta ekinlarida aprobatsiya o‘tkazish jarayonini chuqur o‘rganish va mamlakatimiz uchun sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratish bo‘yicha tajriba almashish edi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, respublika bo‘ylab tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining agrotexnologiya bo‘yicha mutasaddilari, O‘zagroinspeksiya hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tuman bo‘limi boshliqlari, “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari sifatini baholash markazi” DUKning tuman bo‘limi vakillari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari, shuningdek, xorijiy navli paxta yetishtirayotgan va urug‘chilik bilan shug‘ullanayotgan ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga aprobatsiya jarayonining texnik talablari, nav tozaligini ta’minlash usullari, urug‘lik sifatini baholash mezonlari, shuningdek, seleksiya yutuqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Dalada amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazilib, har bir bosqich bo‘yicha tajribali mutaxassislar tomonidan izohlar berildi.
So‘zga chiqqan Shuhrat Teshayev sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratish masalasida qat’iy yondashuv zarurligini ta’kidladi: “Aprobatsiya – bu faqat nazorat jarayoni emas, balki kelajak hosilining kafolati. Agar biz bugun urug‘lik sifatiga e’tibor bermasak, ertangi hosil hajmi va sifati haqida gapirish qiyin bo‘ladi. Har bir fermer urug‘ tanlashdan tortib, yig‘im-terimgacha bo‘lgan jarayonda aniqlik va mas’uliyatni birinchi o‘ringa qo‘yishi shart” , - dedi Shuhrat Teshayev.
Shundan so‘ng Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov ham so‘zga chiqib, tumanda urug‘chilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtaldi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda tuman dalalarida zamonaviy agrotexnologiyalar keng joriy etilmoqda, urug‘lik maydonlarida nav tozaligini ta’minlash uchun qat’iy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, paxta ekinlarida suv tejovchi tomchilatib sug‘orish usullari va mineral o‘g‘itlardan me’yorida foydalanish texnologiyalari keng qo‘llanmoqda.
“Bugungi aprobatsiya jarayoni bizning amaliy ishlarimizni yanada mukammallashtirish, urug‘chilik xo‘jaliklarining tajribasini umumlashtirishga xizmat qiladi. Maqsadimiz — tumanda yetishtirilayotgan urug‘lik paxtaning har bir doni sifat jihatidan xalqaro talabga javob berishi. Bu nafaqat Amudaryo tumani, balki butun respublikamiz agrar salohiyatini oshiradi,” — deya ta’kidladi tuman hokimi.
Tadbir davomida xorijiy navli paxtaning afzalliklari, ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish tajribalari, suv tejovchi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Qatnashchilar g‘o‘za aprobatsiyasi bo‘yicha yangi metodik qo‘llanmalar, agrotexnik me’yorlar va xalqaro tajribalar bilan tanishdilar.
Seminar yakunida soha vakillari o‘zaro tajriba almashib, urug‘lik xo‘jaliklari va klaster korxonalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu esa, kelgusi mavsumda yuqori sifatli, nav toza va raqobatbardosh paxta hosilini yetishtirishga mustahkam zamin yaratadi.
Amudaryo dalalaridan boshlangan bu tashabbus — butun respublika miqyosida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biridir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.




