Yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot - muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
2025-08-13 18:15:00 / Yangiliklar

Bugun yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning tashabbus va g‘oyalari mamlakatimiz kelajagini belgilab beruvchi asosiy omillardan biriga aylangan. Shu bois, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini kengaytirish va muammolariga tezkor yechim topish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Shu maqsadda, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligida tuman hokimligi majlislar zalida hokim va yosh tadbirkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda soha rahbarlari, tijorat banklari mas’ullari, tashkilotlar vakillari, yoshlar yetakchilari va faol yosh tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda tijorat banklari mas’ullari yoshlarga yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar haqida keng tushuntirishlar berishdi. Bank kreditlaridan foydalanish tartibi, foiz stavkalari, imtiyozli davrlar va yosh tadbirkorlarga mo‘ljallangan maxsus kredit liniyalari haqida aniq ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida yosh tadbirkorlar o‘z muammolari va takliflarini bevosita mutasaddilarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ular orasida tadbirkorlik uchun bank krediti ajratilishi, faoliyat yuritish uchun yer maydoni taqdim etilishi, ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qo‘shimcha bino yoki inshootlar ajratilishi kabi masalalar ko‘tarildi.
Hokim Sobir Xo‘jametov har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, mas’ul tashkilotlarga muammolarni o‘rganish va amaliy ko‘mak berish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Ayrim masalalar yuzasidan esa joyida ijobiy hal etish chorasi ko‘rildi.
Tadbirda, shuningdek, yoshlarga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Soliq yengilliklari, subsidiyalar, startaplarni moliyalashtirish dasturlari va investitsiya jalb qilish imkoniyatlari yoshlar e’tiboriga havola etildi.
Uchrashuvning asosiy ahamiyati shundaki, yosh tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida amaliy yordam oldilar, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu esa hududimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy iqtisodiyotga yangi turtki berishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









