Qishloq xo‘jaligi vaziri ishtirokidagi respublika miqyosidagi sayyor qabulda fermer va klaster vakillarining muammolari joyida hal etildi
2025-08-13 09:30:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega soha hisoblanadi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston hududida bu yo‘nalish aholining barqaror daromad manbayi, oziq-ovqat xavfsizligining kafolati hamdir. Shu bois, sohada samaradorlikni oshirish, fermer va dehqonlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tezkorlik bilan hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu maqsadda, joriy yil 12-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida Amudaryo tumani Qilichboy massivi hududidagi “Amirxon” fermer xo‘jaligi dala shiyponida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda janubiy hududlarda agrar sohada yechimini kutayotgan masalalarga amaliy yechim topish hamda vertikal boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, respublika bo‘yicha barcha tuman hokimlarining soha bo‘yicha o‘rinbosarlari, vazirlik tizimidagi tashkilot rahbarlari, sohaga aloqador mutasaddilar, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarishda faol bo‘lgan fermerlar, dehqonlar va klaster rahbarlari ishtirok etdilar.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida to‘xtaldi. Jumladan, imtiyozli kreditlar ajratish, subsidiya tizimini takomillashtirish, yer ajratishdagi yangiliklar hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, yig‘ilishda so‘zga chiqqan Shuhrat Teshayev respublikada qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, kiritilayotgan yangiliklar va tizimdagi o‘zgarishlar haqida to‘xtaldi. U hududlarda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash hamda fermer xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni ta’kidladi. Shu bilan birga, dehqon va fermerlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularga ilmiy asoslangan agrotexnik tavsiyalar yetkazish tizimini kuchaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilish doirasida tashkil etilgan sayyor qabul davomida fermer va klaster vakillari o‘z murojaatlari bilan chiqishdi. Yer ajratilishi, sug‘orish imkoniyatlarini kengaytirish, subsidiya va kredit masalalari, shuningdek, sohaga oid huquqiy masalalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar mutasaddilar ishtirokida joyida ijobiy hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan esa mas’ullarga aniq muddatlar belgilangan topshiriqlar berildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur yig‘ilish va sayyor qabul qishloq xo‘jaligida boshqaruv tizimini zamonaviylashtirish, ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va muammolarni joyida hal etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu jarayon agrar sohani yanada rivojlantirish, faol fermerlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tizimda oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar fermer va dehqonlarda ishonch, tashabbuskorlik hamda mehnatga yangicha yondashuvni mustahkamlaydi.









