Choyko‘llik xotin-qizlar – farovon hayot va bunyodkorlik yo‘lida
2025-07-21 17:10:00 / Yangiliklar

Bu borada Amudaryo tumanining Choyko‘l ovuli ijobiy tajribalarga boy. Bu yerda xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar boshqa hududlar uchun ibrat bo‘la oladi.
Ovulda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faoli Saylixon Murodboyeva tashabbuskorligi bilan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni “Ayollar daftari”ga kiritib, zarur yordamlar ko‘rsatish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ko‘plab xotin-qizlar o‘zining oilasiga qo‘shimcha daromad olib kirayotgan, o‘z tadbirkorligini boshlagan, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan fuqarolarga aylanishmoqda.
Xususan, ovulda yashovchi Saida Esenboyeva ana shunday ilg‘or ayollardan biridir. U “Ayollar daftari”ga kiritilgach, xotin-qizlar faoli va mutasaddilar ko‘magida kasb-hunarga o‘qitildi, subsidiya asosida tikuv mashinasi bilan ta’minlandi. Shu orqali u o‘zining tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Hozirda esa nafaqat o‘ziga, balki yana 10 nafar xotin-qizga ish o‘rni yaratgan holda, ular bilan birgalikda tikilgan mahsulotlarini Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilmoqda.
Shuningdek, O‘g‘iloy Meliyeva ham o‘z tashabbusini ro‘yobga chiqarish uchun astoydil harakat qilgan ayollardan biri. U mahalla mas’ullarining ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinasi olib, bugunga kelib 4 nafar shogirdni tayyorlamoqda. Uning maqsadi – hunar orqali yosh avlodni ish bilan ta’minlash, tajribasini ulashish orqali jamiyatga foydali inson bo‘lishdir.
Ovulda istiqomat qiluvchi tajribali gulchi Bibirobiya Usmonova uzoq yillardan buyon farzandlari va nevaralari bilan birgalikda gulchilik bilan shug‘ullanadi. U yetishtirayotgan gullar turfa xildaligi bilan ajralib turadi: xrizantema, turk gvozdikasi, adonis, situs, seren, liliya va 8 xil turdagi atirgullar. Bundan tashqari, mevali daraxtlar nihollari, 9 xil uzum navini parvarishlab, nafaqat ovul aholisini, balki butun tuman bozorlarini o‘z mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Gulchilik nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki atrof-muhitni obodlashtiradi, fayz baxsh etadi.
Bibirobiya Usmonovaning mehnati beqiyos e’tirofga sazovor bo‘lib, u “Ibratli ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu faqat bir ayolga emas, balki bir avlodga berilgan e’tibor deyish mumkin. Zero, uning qizi – Dilrabo O‘razimbetova ham onasining izidan borib, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Bu esa oilada qadrlangan mehnat, mehr va sabrning bevosita samarasidir.
Choyko‘llik yana bir faol ayol – Dilnoza Aytimbetova ham "Ayollar daftari" orqali o‘z orzusini ro‘yobga chiqardi. U mahalla mas’ullari yordamida parrandachilik uchun imtiyozli kredit olib, parrandachilikni yo‘lga qo‘ydi. Joriy mavsumda u 4 marotaba jo‘jalar yetishtirib, mahalladoshlariga sotdi va mo‘may daromad topdi. Endilikda esa bu faoliyatni yanada kengaytirish, parrandachilikni biznesga aylantirish niyatida. U ham hozirda boshqa xotin-qizlar uchun hayotiy namunadir.
Choyko‘l ovulidagi bu kabi misollar orqali ayollarga berilgan e’tibor va ko‘rsatilgan yordamlar natijasida qanday katta ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi. Har bir xotin-qiz o‘z oilasi, mahallasi va nihoyat jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Ularning harakatiga qanot bag‘ishlash, imkoniyat eshiklarini ochish esa jamiyatimizning buguni va ertangi kuniga xizmat qiladi. Zero, ayollar qo‘li bilan yaratilgan mehnat, tinchlik va baraka olib keladi. Choyko‘llik ayollar esa buning yorqin dalilidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.




