Yoshlar – taraqqiyot tayanchi
2025-07-16 17:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama kamol topishlariga sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ezgu tashabbus va islohotlarning joylardagi ijrosini, ayniqsa, yoshlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini amaliy misollar orqali ko‘rish mumkin. Amudaryo tumanida o‘tkazilgan navbatdagi media-tur aynan mana shunday yondashuvni yoritishga qaratildi.
Media-tur davomida ishtirokchilar bir qator mahallalarga tashrif buyurib, yoshlarning o‘z tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘ygan faoliyatini ko‘zdan kechirdilar. Jumladan, Boyovul mahallasida yashovchi Davron Gulmonov faoliyati barchada katta taassurot qoldirdi. Unga yoshlar yetakchisi ko‘magida yumshoq mebellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Bugun Davronning mehnati evaziga besh nafar yoshning bandligi ta’minlangan, bu esa nafaqat uning oilasi, balki jamiyat farovonligi uchun ham xizmat qilmoqda.
Yangiobod mahallasida yashovchi Barno Murodovaning esa pishiriq va shirinliklar ishlab chiqarish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. U ham 100 million so‘mlik imtiyozli kredit asosida o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Hozirda Barno 2 nafar yoshni ish bilan ta’minlagan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda 5 nafar shogirdni tayyorlamoqda. U ularni nafaqat ish bilan ta’minlamoqda, balki konditerlik sir-asrorlarini o‘rgatib, kasbga yo‘naltirmoqda.
Shuningdek, Oq oltin ovulida yashovchi Zarifa Qurolboyeva yoshlarga ajratilgan yer maydonidan samarali foydalanish orqali oilasiga qo‘shimcha daromad olib kirmoqda. Unga ajratilgan 30 sotix yer maydonining 10 sotixiga pomidor, 20 sotixiga tarvuz ekilgan. Hozirda hosil mo‘l-ko‘l, oilaviy mehnat natijasida xonadonning turmush farovonligi yaxshilanmoqda.
Tashrif davomida jurnalistlar yoshlar bilan muloqot qilib, ularning orzu-rejalari, kelajakdagi maqsadlari xususida suhbatlashdilar. Muloqotlar shuni ko‘rsatdiki, bugungi yoshlar o‘z hayotini mustaqil qurishga, jamiyatda munosib o‘rin egallashga, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilmoqda. Ularga zarur imkoniyat va ishonch berilsa, ular hech kimdan kam emasligini isbotlashga tayyor.
Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘mak, yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar evaziga yuzaga kelayotgan bu kabi tashabbuslar shubhasiz, kelajakda butun jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yoshga berilgan imkon – kelajakka qilingan sarmoya. Amudaryolik yoshlar esa bu imkoniyatni to‘g‘ri anglab, o‘z harakati, mehnati va fidoyiligi bilan farovonlik sari dadil qadam tashlamoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









