Oltin va kumush medallar o‘z egalariga tantanali topshirildi
2025-06-24 16:10:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida ham ana shunday ezgu an’anaga sodiq qolgan holda, o‘quv yilini yuqori natijalar bilan yakunlagan, a’lo baholari, namunali xulqi va ilg‘or tafakkuri bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bitiruvchilarga oltin va kumush medallar tantanali tarzda topshirildi.
Tuman Madaniyat bo‘limida tashkil etilgan ushbu bayramona tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, soha mutasaddilari, maktab direktor va o‘qituvchilari, ota-onalar, shuningdek, faxr va iftixorga to‘la yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda nutq so‘zlagan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov bitiruvchilarni samimiy tabriklab, medal sohiblari – bu nafaqat maktabda a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilar, balki kelajakda jamiyatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan munosib kadrlar bo‘lishi shubhasiz ekanligini ta’kidlab, yoshlarga yuksak ishonch bildirdi.
Xususan, yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga, kelgusida Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishlariga, aniq maqsadlar qo‘yib, bor kuch-g‘ayratlari va bilimlari bilan xalqimizga xizmat qilishlariga ishonch bildirildi.
Tuman hokimi barcha bitiruvchilarga kelgusi o‘qish va ishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va zafarlar tiladi hamda farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga bergan e’tibori hamda mas’uliyati uchun ota-onalar va ustoz-murabbiylarga minnatdorchilik bildirdi.
Ota-onalarning ko‘zlarida faxr, o‘qituvchilarning nigohlarida ishonch, bitiruvchilarning chehrasida esa o‘z mehnatidan rozi bo‘lgan zavq porlaydi. Har bir medal – yillar davomida to‘plangan bilim, fidoyilik va tirishqoqlikning natijasi, har bir tabassum – g‘urur va mas’uliyat ifodasi.
Aytish joizki, 2024-2025-yilgi o‘quv yilida Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarini jami 3402 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, shundan 30 nafar iqtidorli yosh oltin medal, 7 nafar bitiruvchi esa kumush medalga loyiq deb topildi. Bu esa tumandagi ta’lim sifati, o‘qituvchilarning mehnati va o‘quvchilarning izlanishlari o‘z samarasini berayotganining yaqqol isbotidir.
Tadbir davomida tuman Madaniyat bo‘limining umidli xonandalari tomonidan ijro qilingan kuy-qo‘shiqlar barcha yig‘ilganlarga yuqori bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Ta’kidlash joizki, tumanimizda bilimli, tashabbuskor, yurt ravnaqiga fidoyilik bilan yondashadigan yangi avlod shakllanmoqda. Oltin va kumush medal sohiblari esa bu yo‘lda boshqalarga o‘rnak, ustozlariga esa eng katta mukofot hisoblanadi. Yurtga xizmat qilish, bilim bilan taraqqiyotga hissa qo‘shish – mana shunday yoshlarga munosib fazilatdir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









