BOLALAR O‘RTASIDA VIRUSLI GЕPATIT A KASALLIGIGA QARSHI EMLASH ISHLARI OLIB BORILMOQDA
2025-06-09 16:05:00 / Yangiliklar

Xalqimiz orasida hayot sinovlaridan o‘tgan ibratli iboralar juda ko‘p. Ayniqsa, salomatlik borasidagi hikmatli ibora va maqollar ham mazmunan, ham mohiyatan hayotiy isbotini topgan. Xususan, “sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda”, “sog‘likni asrash – kelajakni asrashdir”, “tozalik – mustahkam sog‘lik garovi” kabi iboralarda jamiyat a’zolarini har tomonlama sog‘lom va barkamol rivojlantirishdek ezgu maqsad mujassam.
Ushbu maqsadni mukammal ado etish, aqlan va jismonan yetuk avlodni voyaga yetkazish, xalq, ayniqsa, bolalar orasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish esa nafaqat tibbiyot sohasi xodimlarining, balki har bir fuqaroning, ota-onalarning ham zimmasidagi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.
Shu bois, respublikamiz tibbiyot sohasida yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam profilaktik emlash ishlarining amaliyotga tatbiq etilishi va ayniqsa, bolalarni emlash bilan qamrab olish ko‘rsatkichlarining yuqoriligi tufayli kasalliklar tarqalishining oldi olinishiga erishilmoqda. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning sezilarli darajada kamayishiga hamda shol, bo‘g‘ma, qoqshol kabi kasalliklar yo‘qolishiga erishildi.
Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mamlakatimizda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham virusli gepatit “A” kasalligi ko‘plab qayd etilayotganligi kuzatilmoqda. Xalqimiz orasida “sariq kasalligi” deb atalib, odamlarga og‘iz orqali yuqadigan va ko‘proq bolalarda uchraydigan virusli gepatitning A turi umumiy gepatitlarning 95-96 foiziga teng bo‘lib, bemorlarning 70-80 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.
Kasallik ayniqsa, maktab o‘quvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnovchi va uyushmagan bolalar orasida qayd etilmoqda. Sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va sanitariya xizmatlari tomonidan doimiy ravishda, joylarga chiqqan holda sanitariya-gigiyenik, epidemiyaga qarshi majmuaviy tadbirlarning o‘tkazilishiga qaramasdan, kasallik ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda.
Virusli gepatitga qarshi kurashishning samarali usullaridan biri bu profilaktik emlash bo‘lib, epidemik ko‘rsatmaga ko‘ra olib borilganligi uchun ushbu emlash “Milliy emlash kalendari”ga hozircha kiritilmagan. Shu sababli bolalarni virusli gepatit “A”ga qarshi emlash ota-onalar hisobiga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuni mamnuniyat bilan e’tirof etish joizki, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yil 27-yanvarda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda aholi farovonligini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 10-sonli Prezident Farmoni qabul qilingan va ushbu Farmonning 29-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 8,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, mazkur mablag‘ning ma’lum qismi bolalar salomatligini muhofaza qilishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi orasida virusli gepatit “A” infeksiyasi bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida 6 yoshdagi bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini emlash uchun davlat budjeti hisobidan ushbu infeksiyaga qarshi vaksina olib kelindi.
Amudaryo tumaniga ham 2025-yil 30-may kuni 6 yoshli bolalarni virusli gepatit “A” kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali amalga oshirish maqsadida 3760 doza, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini emlash uchun yana 500 doza virusli gepatit “A”ga qarshi vaksina olib kelinib, tumandagi 14 ta emlash punktlariga joriy yil 2-iyun sanasida maxsus transport vositasi orqali yetkazib berildi. Hozirgi kunda 2019-yilda tug‘ilgan bolalarga va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga emlash ishlari muvaffaqiyatli tarzda olib borilmoqda.
Hech qanday kasallik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ayniqsa “iflos qo‘llar kasalligi” nomini olgan virusli gepatit “A” kasalligini kundalik sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilmaslik, toza bo‘lmagan, turib qolgan suv havzalarida cho‘milish, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish, ayniqsa, yoz oylarida oldingi kundan ortib qolgan ovqatlarni iste’mol qilish, “sariq kasalligi” bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘lish, bemorning buyumlaridan, ayniqsa, o‘yinchoqlaridan foydalanish, kiyimlarini kiyish, bemordan ortib qolgan ovqatni tamaddi qilish, bitta o‘rinda uxlash orqali yuqtirib olish holatlari juda yuqori.
Shu bois, hurmatli ota-onalar! Farzandlaringiz salomatligiga e’tiborli bo‘ling va albatta, bolangizda kasallikning dastlabki belgilari – qayt qilish, ishtaha bo‘g‘ilishi, charchoq va uyquchanlik, tana haroratining ko‘tarilishi, peshob rangining qizarishi, najasining oqarishi, xuddi gripp kasalligidagi kabi burun bitib, oqishi, ko‘z oqi va pastki qovoq shilliq pardasi, tirnoq hamda terining sarg‘ayishi kabi alomatlarni sezsangiz, zudlik bilan bemor bolani oiladagi boshqa farzandlaringizdan izolyatsiyalang va albatta, vaqtni o‘tkazmasdan shifokor ko‘rigiga olib boring.
Shuni unutmangki, bugungi bolaning salomatligi – jamiyat farovonligi va salomatligining, mamlakatimiz kelajagining kafolatidir. Zero, sog‘lom avlod – sog‘lom kelajak tamoyili har bir fuqaroning, ayniqsa, ota-onalarning zimmasidagi yuksak mas’uliyat bo‘lib, bu mas’uliyatni unutishga aslo haqqimiz yo‘q!
ROBIYA YO‘LDOSHЕVA tayyorladi.
manba: amunews.uz
