G‘alla o‘rimiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2025-06-06 17:05:00 / Yangiliklar

Seminar avvalida yurtimizda dehqonchilik qadim-qadimdan nafaqat tirikchilik manbayi, balki muqaddas mehnat sohasidan biri sifatida e’zozlanib kelayotgani alohida ta’kidlandi. Tadbir ishtirokchilari oldida “Yusuf Eshon bobo” jome' masjidi imom-xatibi Abdurahmon Matsapayev Qur’on tilovat qilib, ushbu mavsumni tinch, barakali va betalofat o‘tishini so‘rab duo qildi. Yig‘ilganlar mo‘l-ko‘l hosil, omonlik va fayz tilab, duoga qo‘l ochdilar.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, g‘alla mavsumi har bir fermer, har bir dehqon uchun muhim sinov davri bo‘lishi bilan birga, yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligi uchun g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tumanda 2025-yil hosili uchun 270 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 4800 gektar maydonga g‘alla ekilib, ushbu maydonlardan jami 11 ming 130 tonna bug‘doy yetishtirish rejalashtirilgan.
Tumanda 2025-yil hosili uchun ekilgan g‘alla hosilini 20-iyungacha nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish maqsadida 23 ta otryadlar tashkil qilinib, ushbu otryadlarga jami 69 nafar malakali mutaxassislar biriktirilgan. Shundan, 23 nafar otryad rahbarlari, 23 nafar IIB xodimi, 23 nafar FVB xodimi biriktirilgan. 4800 gektar g‘alla maydonlarini o‘rim yig‘im ishlariga jami 131 dona texnikalar biriktirilgan.
Seminar davomida so‘zga chiqqanlar hosilni optimal muddatlarda yig‘ib olish, texnika va mexanizatorlarning tayyorgarligi, xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish, shuningdek, g‘allani daladan omborga sifatli yetkazib berish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdilar, o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.
Shundan so‘ng, dala chetidagi zamonaviy kombaynlar harakatga tushirildi. Ilk o‘rim jarayoni ko‘rgazmali tarzda tashkil etilib, mehmonlar fermer xo‘jaligidagi texnik salohiyat, ishchi kuchining tashkil etilishi va agrotexnik tadbirlarning amaliy samarasiga bevosita guvoh bo‘lishdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu tadbirni nafaqat tajriba almashish, balki mehnatga, yurtga va rizq-ro‘zga bo‘lgan hurmat, ehtirom ifodasi sifatida ham qabul qilishdi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy ruhda o‘tgan seminarlar yurtimiz qishloq xo‘jaligida mehnatkash dehqonlar salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni rag‘batlantirish va milliy qadriyatlarimizni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









