“Dolzarb 90 kun” loyihasiga start berildi
2025-05-31 16:50:00 / Yangiliklar

2025-yil 15-may kuni maktabgacha va maktab ta’lim sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida respublikada 1-iyundan 30-avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etish, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni kengaytirish, maktab o‘quvchilari bandligini ta’minlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Tumanda “Dolzarb 90 kun” loyihasi bo‘yicha tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi, Madaniyat bo‘limi va O‘zbekiston maxallalari uyushmasi tuman bo‘limi tomonidan yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan mahalla darajasidagi tadbirlar reja-jadvali ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu dastur doirasida yoshlarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan.
Tumanimizdagi 38-sonli umumta’lim maktabida “Dolzarb 90 kun” loyihasiga start berildi. Loyihaning ochilishida tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, tuman MMTB bo‘shlig‘i Yalg‘ash Shomuradov, bo‘lim mas’ullari, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi mas’ullari hamda umumta’lim maktablari direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Jarayon mobaynida ushbu loyihaning maqsadi va uni amalga oshirishda asosiy vazifalar xususida so‘z yuritildi. Tadbir doirasida 38-sonli maktabda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishildi. O‘quvchilarning turli yo‘nalishlardagi ijod mahsullari namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida turli sport tadbirlari, intelektual o‘yinlar, madaniy tadbirlar, davra suhbatlari, sayohatlar, musiqiy tadbirlar, aksiyalar, uchrashuvlar, to‘garak-mashg‘ulotlari, o‘tkazish va tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, loyiha doirasida quvnoq startlar, shaxmat-shashka, futbol, voleybol, basketbol kabi sport tadbirlari, kompyuter texnologiyalarining bilimdoni, IT savodxonligini oshirish, “Zakovat” intelektual o‘yin, “Maktabimizning IT iste’dodlari” kabi intellektual o‘yinlar, “Yoz o‘tmoqda soz” shiori ostida madaniy tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, “Sport – sog‘lik garovi”, “Tilga e’tibor –elga e’tibor”, “Men ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanaman”, “Raqamli iqtisodiyotda yoshlarning ishtiroki”, “Oila maktabi” mavzularida davra suhbatlari, muzeylarga, ishlab chiqarish korxonalariga sayohatlar, musiqiy tadbirlar, tumandagi shoir, yozuvchilar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Ushbu tadbirlar 1-iyundan 30-avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib boriladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom insonlar qilib tarbiyalash jamiyatimiz oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biridir. Bu jarayonda yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va mazmunli tashkil etish muhim o‘rin tutadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









