G‘o‘za maydonlarini sug‘orish bo‘yicha amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
2025-05-30 18:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30-may kuni Amudaryo tumani To‘lqin ovulidagi “Xidirov Samad” fermer xo‘jaligi paxta dalasida g‘o‘za maydonlarida birinchi sug‘orish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, shuningdek, tumandagi ilg‘or fermerlar, agronomlar, suv xo‘jaligi mutaxassislari va boshqa soha vakillari ishtirok etdilar.
Seminar davomida mavzuga oid dolzarb masalalar muhokama qilinib, suv resurslaridan samarali foydalanish, birinchi sug‘orishni agrotexnik talablarga muvofiq tashkil etish, hosildorlikni oshirish va suvni tejash texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev o‘z nutqida suv resurslaridan oqilona foydalanish, dalalarni sug‘orish jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va fermerlar bilan doimiy hamkorlikda ishlash zarurligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, paxta yurtimiz qishloq xo‘jaligida yetakchi ekinlardan biri bo‘lib, uning parvarishida har bir agrotexnik tadbirning o‘ziga xos o‘rni mavjud. Ayniqsa, sug‘orish ishlarini to‘g‘ri va ilmiy asosda tashkil etish paxta hosildorligini belgilovchi eng muhim omillardan biridir. G‘o‘za vegetatsion davr mobaynida tuproqdagi namlik miqdoriga sezgir bo‘ladi. Birinchi sug‘orish, ya’ni g‘o‘za ildizi chuqur tusha boshlagan, tuproqda harorat va namlik balansini muvozanatda saqlash zarur bo‘lgan davrda g‘o‘zani sog‘lom o‘stirish va kelgusida gullash hosil bog‘lash jarayonini mustahkamlovchi muhim omildir.
Shuningdek, o‘z vaqtida va me’yorida amalga oshirilgan sug‘orish hosilning ortishi, paxtaning sifati va to‘liq pishishi uchun kafolat bo‘lishi, aksincha, noto‘g‘ri, kechiktirilgan yoki ortiqcha sug‘orish dalada ildiz chirishi, vegetatsiyaning sustlashuvi yoki hatto hosilning kamayishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi xususida so‘z yuritildi.
Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov seminar ishtirokchilariga murojaat qilib, sug‘orish ishlarini rejalashtirishda aniq va tizimli yondashuv muhimligini qayd etdi. Tumandagi har bir fermer xo‘jaligida suv sarfi va hosildorlik o‘rtasida barqaror muvozanatni ta’minlashga qaratilgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Seminar doirasida “Xidirov Samad” fermer xo‘jaligining paxta dalasida amaliy ko‘rgazma o‘tkazilib, ishtirokchilar birinchi sug‘orish ishlarining bevosita tashkil etilishi va texnologik jarayonlar bilan tanishdilar. Mutaxassislar tomonidan tomchilatib sug‘orish usuli, yerning meliorativ holatini saqlash va suvni tejash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bu kabi seminarlar paxta yetishtirishda zamonaviy yondashuvni kengaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida barqaror natijalarga erishishda muhim tadbirlar hisoblanadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









