Amudaryo tumanida aholini ko‘mir bilan ta’minlashda muhim qadam – Jumurtov temiryo‘l stansiyasi ishga tushirildi
2025-05-29 09:50:00 / Yangiliklar

Aholi uchun kuz-qish mavsumlarida barqaror va sifatli issiqlik manbaiga ega bo‘lish muhim masala sanaladi. Ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi iste’molchilarni ko‘mir bilan o‘z vaqtida va uzluksiz ta’minlash doimiy dolzarb masala. Bu borada esa infratuzilmaning o‘rni alohida.
Amudaryo tumaniga ko‘mir daryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan maxsus bazadan keltirilar edi. Bu esa ayni qish mavsumida daryodan o‘tishda ma’lum qiyinchiliklarni, ortiqcha ovoragarchiliklarni keltirib chiqarar edi. Endilikda bu muammoga barham berilib, tumanning Jumurtov shaharchasida yangi temiryo‘l stansiyasi va ko‘mir yetkazib berish markazi ishga tushirildi.
Mazkur stansiyaning ishga tushirilishi tumanning yoqilg‘i ta’minoti zanjirida uzluksizlikni ta’minlash, vaqt va masofani tejashda muhim rol o‘ynaydi. Endilikda ko‘mir temiryo‘l orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri Jumurtovga yetkazib beriladi, bu esa avtomobil transportiga bo‘lgan yuklamani, yo‘llardagi tirbandlik va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Yangi stansiya ochilishi bilan aholiga ko‘mirni uzoq masofalardan tashib kelish zarurati yo‘qoldi. Endi fuqarolar o‘z hududlariga yaqin manzildan, transport uchun kamroq pul sarflab sifatli ko‘mir xarid qilish imkoniyatiga ega.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, amudaryolik iste’molchilarga ko‘mir mahsuloti “Ko‘mir ta’minoti” MCHJning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga qarashli ombordan yetkazib beriladi. 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida budjet tashkilotlari uchun 6 ming 153 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan hozirgi kunda 279 tonna ko‘mir qabul qilib olingan va tarqatish ishlari boshlanmoqda. Shuningdek, aholi uchun 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida 27 ming 706 tonna ko‘mir olib kelish rejalashtirilgan.
Yangi stansiyaning ish boshlashi mahalliy ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda. Yuk tushirish, saqlash va tarqatish jarayonlarida o‘nlab mahalliy aholi ish bilan ta’minlanmoqda. Bu esa iqtisodiy faollikni oshirib, ijtimoiy barqarorlikka hissa qo‘shmoqda.
Yangi tizim orqali yetkazib beriladigan ko‘mir mahsuloti sifat jihatidan nazorat qilinadi. Taqsimot jarayonlarida shaffoflik, adolat va samaradorlik tamoyillari asosida ish olib boriladi.
Jumurtov shaharchasida ko‘mir yetkazib beruvchi temiryo‘l stansiyasining ishga tushirilishi – bu aholini barqaror issiqlik bilan ta’minlash va hududiy infratuzilmani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Aholining ko‘plab ovoragarchilik va sarson-sargardonliklariga barham berilib, muammolari bartaraf qilinmoqda. Ko‘mirni uzoq masofalardan olib kelish, narxning sun’iy oshishi, yetkazib berishda yuzaga keladigan kechikishlar kabi muammolar aholining kundalik hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelayotgan edi. Endilikda bu muammolar ortda qolmoqda.
Bugun Jumurtov shaharchasida va butun tumanimizda yashovchi aholi yillar davomida yig‘ilib qolgan muammoning hal bo‘lganidan mamnun. Endilikda har bir xonadon, har bir ijtimoiy muassasa kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda ishonchli ta’minot tizimiga ega.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









