Nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash – barchamizning burchimiz
2025-05-28 10:20:00 / Yangiliklar

Har yili 1-iyun kuni dunyo bo‘ylab Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu kun bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning baxtli va sog‘lom hayot kechirishlariga e’tibor qaratish, shuningdek, jamiyatda bolalarning o‘rni va ahamiyatini yuksak qadrlash maqsadida tashkil etilgan.
Yurtimizda ham 1-iyun kuni katta bayram sifatida munosib nishonlanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, madaniyat va san’at markazlarida turli bayram tadbirlari, konsertlar, bolalar uchun sport musobaqalari, ko‘rgazmalar va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etiladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga alohida e’tibor qaratilib, ularga sovg‘alar topshiriladi.
Ushbu sana munosabati bilan amudaryolik tashabbuskor saxovatpesha tadbirkor Dildora Xaytboyeva tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida Nogironlar jamiyatining tuman bo‘linmasi tomonidan imkoniyati cheklangan nogironligi bor 40 nafardan ortiq 7-17 yosh oralig‘idagi bolajonlar ishtirok etdi va ular o‘rtasida "Maftunkor ranglar jilosi" nomli rasm chizish bo‘yicha bellashuv o‘tkazildi.
Xayriya tadbiriga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov tashrif buyurib, barcha bolajonlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Ulug‘bek Jalmenov o‘z so‘zida bolalar ertangi kelajagimiz egalari ekanligni, ertangi kunning yetuk mutaxassislari, olimlari, shoirlari, sportchilari bo‘lib, har bir bola mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlikka loyiq ekanligini ta’kidladi. Ularning har tomonlama kamol topishi uchun sog‘lom muhit yaratish, to‘g‘ri tarbiya berish va huquqlarini himoya qilish – har bir kattalarning, ota-onalarning, ustoz va jamiyatning muqaddas burchi ekanligini alohida qayd etdi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar hayotda ko‘proq qo‘llab-quvvatlash, mehr-shafqat va g‘amxo‘rlikni talab qiladi. Ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topib, sog‘lom muhitda ulg‘ayishi, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun har tomonlama ko‘mak zarur.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida tashkil etilgan bayram tadbiri mobaynida bolalarga sovg‘alar ulashildi, madaniy ko‘ngilochar dasturlar namoyish etildi. Turli noz-ne’matlarga, shirinliklarga to‘la dasturxon yozildi.
Xayriya tadbirida tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari ishtirokida sho‘x-shodon kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ijrosidagi betakror chiqishlar barchaga yuqori bayramona kayfiyat ulashdi. Unda tadbirkor Dildora Xaytboyeva tomonidan 3 nafar bolajonlarga velosipedlar sovg‘a qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi o‘rinbosarlari, bo‘limlar rahbarlari tadbirkorning bu ezgu tashabbusi jamiyatimizda mehr-oqibat, insonparvarlik va xayr-saxovatlilik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shuningdek, "Maftunkor ranglar jilosi" rasm chizish bo‘yicha tanlov g‘oliblariga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash – bu faqat davlat yoki muayyan tashkilotlarning emas, butun jamiyatning burchidir. Har bir inson, har bir oilaning bu jarayonga qo‘shgan hissasi katta ahamiyatga ega. Kimdir ko‘ngillilik asosida tadbirlar o‘tkazadi, yana kimdir moddiy yordam beradi, kimdir esa mehrli so‘z va tabassum bilan bolaga ruhiy dalda bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar ham bizning farzandlarimiz, kelajagimizning bir bo‘lagidir. Ularning baxtli hayoti, o‘zlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bizning mehrimiz, g‘amxo‘rligimiz va ezgu amallarimiz bilan chambarchas bog‘liq.
Charos Arslonova, tuman hokiligining Axborot xizmati rahbari.









