Oila mustahkamligi – jamiyat taraqqiyotining poydevori
2025-05-16 17:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda sog‘lom va mustahkam oilalarni shakllantirish, milliy urf-odat va qadriyatlarni keng targ‘ib qilish maqsadida har yili an’anaviy tarzda “Ibratli oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur tanlov jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, oila institutini rivojlantirish va namunali oilalarni keng jamoatchilikka namoyish etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilda ham ushbu tanlov respublika bo‘yicha barcha hududlarda yuqori saviyada tashkil etildi. Tanlovda o‘zining mehr-oqibatli, ahil va o‘rnak bo‘lishga arzigulik hayot tarzi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan oilalar ishtirok etdilar. Baholash mezonlari sifatida oilaning ma’naviy-axloqiy muhiti, farzandlar tarbiyasi, ota-onalarning kasbiy faoliyati va jamiyatdagi faolligi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Amudaryo tumanidagi Madaniyat bo‘limida o‘tkazilgan 15-may - Xalqaro oila kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tadbirida "Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi" respublika ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston bosqichi g‘oliblari Amudaryo tumanidagi 11 ta oila vakillari munosib taqdirlandi.
Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov so‘zga chiqib, yurtimizda oilaning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalarda o‘zaro hamjihatlik, tinch va osoyishta hayot tarzini shakllantirish, oila mustahkamligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda "Oila muqaddas dargoh, muqaddasligi shundan iboratki, avvalo, qayerda ishlasangiz ham, kim bo‘lib ishlasangiz ham, agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada halollik, munosabat, tarbiyaga alohida e’tibor bermasangiz, hech qachon natija bo‘lmaydi. Odam baxtliman deyishga qay darajada haqli? Agar oilang bilan sen baxtli bo‘lsang, baxtliman deyishga haqing bor."
Bayram tadbirida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” deya e’tirof etilgan 11 ta oilalar a’zolariga ibratli oila ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi. Tuman Madaniyat bo‘limining iste’dodli xonandalari ijrosidagi betakror kuy-qo‘shiqlar tadbirga yuqori bayramona ruh bag‘ishladi.
Ta’kidlash kerakki, Oila – bu ijtimoiy barqarorlik kafolati. Mustahkam oilalarda ulg‘aygan farzandlar o‘z yo‘lini topgan, maqsadli, bilimli va vatanparvar, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetadi. Bu esa bevosita jamiyatning ilmiy, iqtisodiy va ma’naviy rivojiga xizmat qiladi. Aksincha, oilaviy muammolar, ajralishlar va befarzandlik kabi muammolar jamiyatda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, davlatimiz tomonidan oila institutini mustahkamlashga, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga, farzandlar tarbiyasida ota-onalarning rolini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan qonunlar, ijtimoiy dasturlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar – bularning barchasi jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilmoqda.
Oila mustahkamligi jamiyat barqarorligining, yurt ravnaqi va millat kelajagining asosiy omilidir. Har bir fuqaroning burchi – o‘z oilasini e’zozlash, uni ma’naviy poklik va mehr-oqibat asosida qurishdir. Zero, mustahkam oila – buyuk jamiyatning asosi demakdir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









