Mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish – xavfsiz va osoyishta hayot garovi
2025-04-29 15:10:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda jamoat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Mahalla tizimi orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarni yot g‘oyalardan asrash borasidagi ishlar yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumanida ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar mas’ul rahbarlar tomonidan muvofiqlashtirilib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Muzaffar Rahmatullayev tomonidan tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar o‘rganildi. O‘rganishlar mobaynida tuman Davlat xizmatlari markazi binosida fuqarolar bilan sayyor qabuli o‘tkazildi.
Sayyor qabul mobaynida 18 nafar fuqarolardan turli masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi. Muammoli masalalarning ijobiy hal etilishi yuzasidan tuman IIB mas’ullariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek fuqarolik pasportini olish bilan bog‘liq muammoli masalalar ijobiy hal etilib, 4 nafar fuqarolarga yangidan fuqarolik pasportlari berildi.
Mas’ul rahbarlar Kuyuk ko‘pir ovulida “Mahalla yettiligi” mas’ullari tomonidan hududda jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi. Hududda shu vaqtgacha sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga imkon yaratib bergan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Aniqlangan muammolar, mavjud kamchiliklar tanqid qilinib, ularni bartaraf qilish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mahalla – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, u yerda har bir fuqaroning yashashi, ishlashi, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq asosiy muammoli masalalar yechimini topadi. Shu bois jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla faollari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari hamda nuroniylarning hamkorligi juda muhimdir. Bu borada mahalla mas’ullari hamkorlikdagi faoliyatining to‘g‘ri tashkil etilishi natijasida hududlarning kriminogen vaziyati yaxshilanadi hamda jinoyat va huquqbuzarliklardan holi hududga aylanishiga zamin yaratiladi.
Mahalla mas’ullari bilan suhbat chog‘ida profilaktik tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish, xususan, xavf ostida bo‘lgan shaxslar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning muammolarini aniqlab, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish muhimligi qayd qilindi. Mahalla posbonlari va faollar orqali mahalladagi muammoli hududlarni nazorat qilish, videokuzatuv tizimlarini joriy etish, sport, madaniyat, san’at va kasb-hunar to‘garaklari orqali yoshlarning salbiy illatlarga berilishining oldini olish, shu yo‘l bilan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish lozimligi xususida tushuntirishlar olib borildi.
Mahallada xavfsiz muhit yaratish – har bir fuqaroning osoyishta hayot kechirishi, bolalarimizni tinch va barqaror jamiyatda voyaga yetkazish uchun zamin yaratadi. Bu borada har bir fuqarodan hushyorlik, faollik va mas’uliyat talab etiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









