DAROMADDAN FAROVONLIK SARI: MOLIYAVIY SAVODXONLIKNING AHAMIYATI
2026-10-24 20:20:00 / Yangiliklar

Ko‘pchilik farovonlikni faqat ko‘p pul topish bilan bog‘laydi. Lekin hayotda yuqori maosh olib, oy oxirida cho‘ntagi bo‘shab qoladigan, aksincha, kamroq topsa ham muammosiz yashaydigan odamlar uchrab turadi. Farq daromadning miqdorida emas, undan qanday foydalanishda. Aynan shu ko‘nikma moliyaviy savodxonlik deb ataladi. Zero, daromad faqat boshlang‘ich nuqta, farovonlik esa o‘sha daromadni to‘g‘ri boshqarishning natijasidir.
Moliyaviy savodxonlik deganda shaxsiy byudjetni yuritish, ehtiyoj va xohishni farqlash, jamg‘arma qilish, kreditdan oqilona foydalanish, investitsiya xavflarini baholash va firibgarlikdan himoyalanish bilimlari tushuniladi. U boylar uchungina kerak bo‘lgan murakkab ilm emas. Aksincha, oddiy oila uchun, ayniqsa daromadi cheklangan odam uchun, har bir so‘mning o‘rni yanada muhim bo‘ladi.
Mamlakatimizda moliya xizmatlaridan foydalanish keskin kengaydi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga muomaladagi bank kartalari soni 68,27 milliondan oshgan, bu uch yil oldingi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘pdir. Terminallar orqali to‘lovlar hajmi ham bir yil ichida 326,7 trillion so‘mdan 460,25 trillion so‘mgacha, taxminan 41 foizga oshdi. Bundan tashqari, Markaziy bankning moliyaviy inklyuziya bo‘yicha pilot indeksiga ko‘ra, kattalarning 86 foizi oddiy bank hisobvarag‘iga ega. Demak, moliya xizmatlari endi deyarli hammaning qo‘l ostida.
Biroq xizmatdan foydalanish imkoniyati bilan undan to‘g‘ri foydalanish bir narsa emas. Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki 2025-yilning yanvar–fevral oylarida o‘tkazgan so‘rov natijalari buni ko‘rsatadi: so‘ralganlarning taxminan 39 foizi o‘tgan yil davomida hech qancha pul jamg‘ara olmagan. Bu ko‘rsatkich 60 yoshdan oshganlar orasida 47 foizga, yoshlar orasida esa 30 foizga teng. Yana bir e’tiborli jihat: kattalarning atigi 4 foizi jamg‘arma yoki muddatli omonatga ega. Ya’ni hisobvaraq ochish oson bo‘lsa-da, pulni muntazam jamg‘arib borish odati hali shakllanishda. Qarz olish borasida ham shunga o‘xshash holat: so‘rovda qatnashganlarning 30 foizi o‘tgan yili qarz olgan, lekin qarz olganlarning atigi 12 foizi rasmiy kanallardan foydalangan. Bu esa ko‘p odam norasmiy, ba’zan xavfliroq yo‘llarni tanlashini bildiradi. Ayni vaqtda so‘rov Jizzax viloyatini ham qamrab olgani bu masala bizning hududimiz uchun ham dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
Bu holatni o‘zgartirish uchun davlat tomonidan ham ish olib borilmoqda. Markaziy bankda 2019-yilda Moliyaviy ta’lim departamenti tashkil etildi, 2020-yilda esa moliyaviy savodxonlikning asosiy kompetensiyalari bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, aholining moliyaviy bilimlari bo‘yicha birinchi milliy so‘rov o‘tkazildi. Shuningdek, 2021-yildan boshlab o‘yin-kulgi shaklidagi ta’lim loyihalari, ya’ni teleserial, radioviktorinalar va “Moliya olami” platformasi orqali bilimlar keng auditoriyaga yetkazilmoqda. Bu yondashuv moliyaviy ta’limni quruq nasihat emas, qiziqarli va tushunarli shaklda berish muhimligini ko‘rsatadi. Hamda har yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy savodxonligi oyligi doirasida turli xil seminar treyninglar ham tashkil qilinmoqda.
Moliyaviy savodxonlik yoshlar uchun alohida ahamiyatga ega. Talaba bugun stipendiya va kichik daromad bilan, ertaga esa maosh yoki o‘z biznesi bilan qaror qabul qiladi. Shu bois quyidagi oddiy qoidalar hayotda katta farq yaratadi. Birinchidan, har bir daromaddan kamida 10 foizini jamg‘arishni odat qilish. Ikkinchidan, oylik xarajatlarni yozib borib, ortiqcha sarflarni ko‘rish. Uchinchidan, kreditni olishdan oldin uning umumiy narxini, foiz va to‘lov muddatini hisoblab chiqish. To‘rtinchidan, “tez va oson daromad” va’da qiluvchi takliflarga, ayniqsa onlayn firibgarlarga ishonmaslik, kartaga oid kod va ma’lumotlarni hech kimga bermaslik. Beshinchidan, favqulodda holatlar uchun zaxira jamg‘armasi yaratish.
Albatta, moliyaviy savodxonlik tizimli yondashuvni talab qiladi. Maktab va oliygohlarda uni amaliy mashg‘ulotlar bilan o‘qitish, oilada bolalarga pulning qadrini va byudjet tuzishni o‘rgatish, ommaviy axborot vositalarida mazmunli ma’lumotlar berish muhim. Kattalar, ayniqsa keksalar va qishloq aholisi uchun maxsus tushuntirish ishlarini kuchaytirish ham zarur. Bir kishining moliyaviy qarori faqat o‘zini emas, oilasi va atrofdagilarni ham qamrab oladi, shu bois bu masala butun jamiyatning ishidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, farovonlikka katta daromad bilan emas, to‘g‘ri qaror bilan erishiladi. Talaba sifatida men moliyaviy bilimlarni egallashni kelajakdagi mustaqil va xotirjam hayotning poydevori deb bilaman. Chunki pulni boshqarishni o‘rgangan inson o‘z kelajagini ham boshqara oladi, moliyaviy jihatdan barqaror oilalar esa butun yurtimiz iqtisodiy barqarorligining asosiga aylanadi.
Bozorboyev Diyorbek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali talabasi.
