AMUDARYO TUMANI PROKURORINING TUMANDAGI TADBIRKORLIK SUBYEKTLARIGA MUROJAATNOMASI
2026-10-19 17:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli tadbirkorlar!
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shunga qaramasdan, turli sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan yoki vaqtincha amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlari ham mavjud.
Tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy daromadlarni oshirish va tuman iqtisodiyotini rivojlantirish mumkin.
Shu munosabat bilan, Amudaryo tumanida faoliyatini to‘xtatgan yoki iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini o‘z faoliyatini qayta tiklashga, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga va tadbirkorlik tashabbuslarini davom ettirishga chaqiramiz.
Agar faoliyatingizni tiklashga to‘sqinlik qilayotgan muammolar mavjud bo‘lsa, jumladan, kredit va aylanma mablag‘lar yetishmasligi, soliqqa oid masalalar, bino-inshootlar, yer uchastkalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ruxsat berish tartib-taomillari yoki davlat organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan bo‘lsangiz, ushbu masalalar yuzasidan tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Tuman prokuraturasi tomonidan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, prokuror vakolatlari doirasida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Hurmatli tadbirkorlar!
O‘z faoliyatingizni qayta tiklash, mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tumanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intiling.
Muammolaringizni yashirmang, ularni qonuniy hal etish uchun murojaat qiling. Tadbirkorlik faoliyatini tiklash va qonuniy manfaatlaringizni himoya qilishda belgilangan vakolatlar doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz.
R.I.Bauaddinov, Amudaryo tumani prokurori.
