AMUDARYO TUMANIDA YOSHLAR BANDLIGINI TA’MINLASHGA QARATILGAN UCHRASHUVLAR O‘TKAZILDI
2026-10-15 17:20:00 / Yangiliklar

Yoshlar bilan ochiq muloqot: muammolar tahlili, aniq yechimlar va yangi imkoniyatlar
Amudaryo tumanida respublika miqyosidagi rahbarlar ishtirokida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlardan asosiy maqsad yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, ish bilan ta’minlash hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ko‘mak berishdan iborat. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari Bayram Otemuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Soliq boshqarmasi boshligʻi Erkin Nurmonov, Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov, hokim oʻrinbosarlari hamda tumandagi barcha tashkilot va idoralar rahbarlari qatnashdi.
Uchrashuvlar tumandagi «To‘lqin» OFY, «Xitoy» OFY hamda «O‘rtaqal’a» OFY binolarida bo‘lib o‘tdi. Ularda mazkur hududlar va ularga yaqin mahallalardan 70 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Jumladan, 2026-yilda oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarini, shuningdek, umumta’lim maktablarini tamomlayotgan bitiruvchilar hamda hozirda ishsiz bo‘lgan yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qilindi.
Muloqot davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hamda o‘z qiziqish va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Har bir yoshning murojaati va taklifi alohida tinglanib, mavjud muammolar atroflicha tahlil etildi. Bildirilgan masalalar yuzasidan tegishli tashkilot va idoralar rahbarlariga ularning yechimini topish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.









