Amudaryo tumanidagi 56-sonli umumta’lim maktabi “Jasorat sinfi” o‘quvchilarining tantanali va’da berish tadbiri o‘tkazildi
2026-10-16 17:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston — buyuk ajdodlar jasorati, mardlik va matonat, vatanparvarlik va fidoyilik an’analari asrlar osha yashab kelayotgan muqaddas zamin. Bu yurtda Vatan ozodligi va xalq farovonligi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar, o‘z hayotini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan ulug‘ insonlar kamol topgan. Ularning ibratli hayoti va mardonavor faoliyati bugungi avlod uchun bebaho ma’naviy meros, yuksak tarbiya maktabidir.
Ana shu ezgu an’analarni davom ettirish, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, xalqiga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish maqsadida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 4 noyabrdagi “Umumta’lim maktablarida «Jasorat maktabi» faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 688-sonli qarori bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Mazkur qarorga muvofiq, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab respublikamizning 208 ta tuman va shahrida bittadan “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Amudaryo tumani Xotira maydonida joylashgan 56-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2026–2027 o‘quv yilida “Jasorat sinfi”ga qabul qilingan o‘quvchilarning tantanali va’da berish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimda tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Mamatov hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Umidjon O‘razaliyev so‘zga chiqib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mas’uliyat, intizom, mardlik va fidoyilik fazilatlarini shakllantirishning ahamiyatiga alohida to‘xtaldilar.
So‘zga chiqqanlar Vatanga xizmat qilish har bir fuqaro uchun buyuk sharaf va muqaddas farzandlik burchi ekanini ta’kidladilar. Ona yurtni sevish, uning tinchligini asrash, xalq osoyishtaligi va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilish har bir yoshning hayotiy e’tiqodiga aylanishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, ajdodlarimizning mardlik va jasorat an’analarini davom ettirish, ularning munosib vorislari bo‘lish uchun, eng avvalo, puxta bilim, mustahkam iroda, yuksak odob-axloq va qat’iy intizom zarurligi uqtirildi.
Tadbirning eng hayajonli va unutilmas lahzalari, shubhasiz, o‘quvchilarning tantanali va’da berish marosimida namoyon bo‘ldi. O‘quvchilar Vatanimiz bayrog‘i, buyuk ajdodlarimizning muqaddas xotirasi va tengdoshlari guvohligida Ona Vatanni sevish, uning ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish, yurtga sadoqatli bo‘lish hamda “Jasorat sinfi” o‘quvchilari nizomiga qat’iy rioya etish haqida tantanali ravishda va’da berdilar.
O‘quvchilar uchun ushbu kun hayotlaridagi muhim bosqichlardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz. Chunki ular shu kundan boshlab nafaqat o‘z bilimlari va xulq-atvori, balki “Jasorat sinfi” o‘quvchisi degan sharafli nomga munosib bo‘lish mas’uliyatini ham chuqurroq his etishga intiladilar. Ularning har bir xatti-harakati, o‘qishga munosabati, ustozlari va ota-onalariga hurmati, tengdoshlari bilan muomalasi mazkur tarbiya yo‘lining muhim ko‘rsatkichidir.
Bugun maktab partasida o‘tirgan o‘g‘il-qizlar ertaga turli sohalarda mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan mutaxassislar, yetakchilar va fidoyi insonlar bo‘lib yetishadilar. Ularning qalbida bugun uyg‘ongan vatanparvarlik tuyg‘usi kelajakdagi ezgu ishlariga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada maktab jamoasi, ota-onalar, mahalla faollari hamda tegishli tashkilotlarning hamkorligi muhimdir.
Shubhasiz, “Jasorat sinfi” o‘quvchilari kelgusida bilimli, intizomli, qat’iyatli, tashabbuskor va Vatanga sadoqatli yoshlar bo‘lib kamol topishga intiladilar. Ular o‘zlarining namunali xulqi, puxta bilimi, odob-axloqi va ezgu ishlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishlari, oilasi, maktabi, mahallasi va butun jamiyat ishonchini oqlashlari lozim.
Zero, yurt ravnaqi faqat bugun amalga oshirilayotgan ishlar bilan emas, balki ertangi kun egalarining qanday inson bo‘lib voyaga yetishi bilan ham belgilanadi. Yoshlar qalbiga ezgulik, halollik, mardlik va vatanparvarlik urug‘larini qanchalik chuqur singdira olsak, kelajagimiz shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.








