AMUDARYO TUMANIDA TOMORQA — DAROMAD MANBAI
2026-10-13 15:20:00 / Yangiliklar

Tomorqa — nafaqat yer, balki oila farovonligi, to‘kinlik va barqaror daromad manbai. Amudaryo tumanida mavjud tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 49 ta mahallada 38 ming 953 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularga jami 6 ming 619,7 gektar tomorqa yer maydoni to‘g‘ri keladi. Joriy yil bahor mavsumida ushbu maydonlarda ertaki ekinlar, sabzavot, kartoshka, poliz va boshqa turdagi ekinlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 5 ming 519,9 gektar maydonga ertaki ekinlar, 3 ming 368,2 gektarga sabzavot, 1 ming 516,7 gektarga kartoshka, 299,7 gektarga poliz hamda 335,3 gektarga boshqa turdagi ekinlar ekildi. Bu jarayon tomorqalardan unumli foydalanish, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.
Aholini, ayniqsa, ishsiz yoshlarni daromadli mehnatga jalb etish maqsadida ularga ijara yer maydonlari ajratilmoqda. Hozirga qadar 4 ming 963 nafar yosh va fuqaroga jami 1 ming 815,2 gektar yer maydoni berilgan. Ajratilgan yerlarda sabzavot, poliz, kartoshka, boshoqli va boshqa turdagi ekinlar yetishtirilmoqda. Natijada fuqarolar o‘z mehnati orqali daromad topish, oilaviy daromadni mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Yer egalari faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda 3 ming 6 nafar yer egasi dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, qolgan yer egalarini ham belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Tumanda issiqxonachilikni rivojlantirish, yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda umumiy maydoni 4,1 gektar bo‘lgan 81 ta issiqxona tashkil etildi. Ularda pomidor, bodring, ko‘katlar, poliz va boshqa turdagi ekinlar parvarishlanmoqda. Issiqxonalar aholiga mavsumdan tashqari davrlarda ham mahsulot yetishtirish va o‘z mehnati samarasidan daromad olish imkonini bermoqda.
Tomorqachilikni rivojlantirish va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy ko‘mak ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Jumladan, issiqxona tashkil etish uchun 13 nafar fuqaroga 239,9 million so‘m, qishloq xo‘jaligi asbob-uskunalarini xarid qilish uchun 57 nafar fuqaroga 1 milliard 123,21 million so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar, biologik va kimyoviy mahsulotlar hamda o‘simliklarni himoya qilish vositalarini xarid qilish uchun 367 nafar fuqaroga 3 milliard 563,5 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu ko‘maklar natijasida jami 437 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Tumanda yer egalari va dehqonlarning tajribasini ommalashtirish, tomorqadan samarali foydalanish borasidagi ilg‘or tajribalarni keng yoyishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xolimbeg ovulida yashovchi Erkinjon Qo‘shayev ana shunday namunali tomorqachilardan biridir. U o‘ziga tegishli tomorqa hamda ijara yer maydonlaridan oqilona foydalanib, oilaviy mehnat qilib, dehqonchilikdan mo‘l hosil va yaxshi iqtisodiy daromad olishga erishmoqda. Uning faoliyati yerga mehr, mehnatsevarlik va tajriba orqali tomorqani barqaror daromad manbaiga aylantirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Amudaryo tumanida tomorqadan samarali foydalanish, dehqonchilikni rivojlantirish, issiqxonalar tashkil etish va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda. Zero, yerga mehr, mehnatga mas’uliyat va imkoniyatlardan oqilona foydalanish har bir xonadon farovonligining muhim omilidir. Unumdor tomorqa — to‘kin dasturxon, yangi daromad va barqaror turmush demakdir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.








