VATAN TAYANCHI — YURT KELAJAGINING ISHONCHLI POSBONLARI
2026-10-10 10:50:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni ona Vatanga sadoqat va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tuman Xotira maydonida “Vatan tayanchi” harakati otryadlari a’zolarining tantanali va’da berish marosimi tashkil etildi.
Tadbir davomida “Vatan tayanchi” harakati otryadlari safiga qo‘shilgan yoshlarga maxsus ko‘krak nishonlari va guvohnomalar topshirildi. Bu ramziy e’tirof o‘quvchi-yoshlarning Vatan ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shishga bo‘lgan intilishi, o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishi hamda el-yurt manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyorligining ifodasi bo‘ldi.
Tantanali marosimda tuman Mudofaa bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Mamatov hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov so‘zga chiqib, “Vatan tayanchi” harakatining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Ular Vatanga xizmat qilish eng ulug‘ sharaflardan biri ekanini ta’kidlab, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, mustahkam iroda, yuksak ma’naviyat va fidoyilik ruhida kamol toptirish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, otryad a’zolariga o‘qishda, jamoat ishlarida va kundalik hayotda tengdoshlariga namuna bo‘lish, bilim olishga intilish hamda ona yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash borasida tilaklar bildirildi.
Tadbirning badiiy va amaliy qismi ham mazmunli o‘tdi. Unda namoyish etilgan turli harbiy chiqishlar yoshlarda katta taassurot uyg‘otib, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi 150-sonli qarori asosida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifalaridan biri o‘quvchi-yoshlarni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy fazilatlar, milliy qadriyatlarga ehtirom va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Amudaryo tumanida ham mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda tumandagi umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktab va politexnikumlarda jami 86 ta “Vatan tayanchi” harakati otryadi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har bir otryad 20 nafardan namunali xulqi, yaxshi o‘zlashtirishi va jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turadigan o‘quvchi-yoshlarni birlashtiradi. Ayni paytda jami 1 667 nafar o‘quvchi-yosh ushbu harakat safiga ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lgan.
Xotira maydonida o‘tkazilgan tantanali va’da berish marosimi yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
“Vatan tayanchi” harakati a’zolari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham yoshlarni yanada yuqori marralar sari ruhlantiradi. Amaldagi tartibga muvofiq, har bir otryaddan eng ilg‘or va a’lochi bir nafar a’zoga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berish imtiyozi nazarda tutilgan. Bu esa o‘z ustida muntazam ishlaydigan, bilim va intizomni hayotiy mezon deb biladigan yoshlar uchun muhim rag‘batdir.
Amudaryo tumanida ham ushbu imkoniyatdan foydalangan bitiruvchilar bor. Jumladan, “Vatan tayanchi” harakati otryadlari a’zolari bo‘lgan ikki nafar bitiruvchidan biri Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida, yana biri Jamoat xavfsizligi universitetida tahsil olmoqda. Ularning yutug‘i boshqa yoshlar uchun ham ibrat va rag‘bat manbai bo‘lib xizmat qiladi.
“Vatanga sadoqat bilan, yuksak maqsadlarga!” shiori ostida birlashgan Amudaryo tumani yoshlari — yurtimizning tinchligi, taraqqiyoti va farovon kelajagiga munosib hissa qo‘shishga intilayotgan avloddir. Ular qalbidagi Vatan muhabbati, ko‘zlagan ezgu maqsadlari va qat’iy irodasi bilan kelajagimizning ishonchli tayanchi bo‘lib kamol topmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









