AMUDARYO TUMANI IIB BOSHLIG‘I MAXSUD SHERMETOVNING FUQAROLARGA MUROJAATI
2026-09-30 14:40:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli Amudaryo tumani aholisi!
Hurmatli Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi PQ-1-2-son qaroriga asosan, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Natijada, joriy yilning shu davri mobaynida tumanda sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sonini kamaytirishga erishildi.
Jumladan:
-
o‘g‘rilik jinoyatlari 9 tadan 6 taga kamayib, 33,3 foizga;
-
yengil tan jarohati yetkazish holatlari 6 tadan 2 taga kamayib, 66,7 foizga;
-
o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisalari 20 tadan 7 taga kamayib, 65 foizga kamaydi.
Shu bilan birga, tuman hududida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 3 tadan 8 taga ko‘payib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 166,7 foizga oshgan.
Shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar yildan-yilga ortib bormoqda.
Joriy yilning 8 oyi mobaynida fuqarolardan jami 186 ta kiberjinoyat yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Hurmatli fuqarolar!
Sizlarni kiberjinoyatlardan ogohlantirish va firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishingizning oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarga qat’iy amal qilishingizni so‘raymiz:
-
“Kartangizni ijaraga olamiz, oyiga pul to‘lab beramiz”, degan takliflarga ishonmaslik;
-
“Aksiya bo‘lmoqda, siz pul yutdingiz”, “Sizga qimmatbaho sovg‘a keldi”, “Yordam puli berilmoqda”, “Pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, kabi takliflar bilan murojaat qilgan notanish shaxslarga ishonmaslik;
-
internet tarmoqlari orqali yuborilgan “rasmdagi sizmisiz?”, “sizning eski rasmingizni topdik” kabi xabarlar hamda boshqa APK va virusli fayllarni ochmaslik;
-
rus tilida so‘zlashib, o‘zini bank mutaxassisi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan va boshqa notanish shaxslarga bank kartasi ma’lumotlari, parol va kodlarni bermaslik;
-
onlayn savdo reklamalariga ishonib, hali qo‘lingizga yetib kelmagan tovarlar uchun oldindan pul o‘tkazmaslik;
-
xorijiy davlatlarda ish taklif qilayotgan shaxslarga ishonib, ularga oldindan pul o‘tkazmaslik.
Shuningdek, onlayn qimor o‘yinlari inqiroz va halokatga olib kelishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar!
O‘g‘rilik jinoyatlari ko‘plab sodir etilayotganligi sababli quyidagi xavfsizlik choralariga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz:
-
xonadonlar va savdo obyektlarini qo‘riqlash pultiga ulash;
-
savdo obyektlari atrofini tungi vaqtlarda yoritish chiroqlari hamda videokuzatuv kameralari bilan jihozlash;
-
chorva mollarini dala va yaylovlarda qarovsiz qoldirmaslik.
Yo‘l harakati xavfsizligiga e’tiborli bo‘laylik!
Tumanimizda yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa, o‘lim bilan bog‘liq holatlar ko‘payayotganligi sababli, haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini hamda transport vositalarini belgilangan tezlik me’yoridan oshirmasdan boshqarishlarini so‘raymiz.
Hurmatli fuqarolar!
Agar huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etib yurgan shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, mahallalardagi profilaktika inspektorlariga yoki quyidagi telefon raqamlariga xabar berishingizni so‘raymiz:
112
61-515-35-02
61-515-15-02
Barchangizni hushyor va ogoh bo‘lishga, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatchilikning oldini olishga faol hissa qo‘shishga chaqiramiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
