Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli o‘rganildi
2026-09-11 12:45:00 / Yangiliklar

Inson qadri, uning munosib hayot kechirishi, oilalar farovonligi va yoshlarning kelajakka ishonchi — jamiyat taraqqiyotini belgilovchi muhim mezonlardan. Shu bois bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va daromad manbalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Shohruh Aminov tomonidan Amudaryo tumanidagi “Chayko‘l” OFY hududida ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar holidan xabar olindi. O‘rganish jarayonida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligidagi tuman masullari mshtirok etishdi.
Mazkur jarayonda xonadonlarning ijtimoiy sharoiti, oilalarning ehtiyojlari va ularni qiynayotgan muammolar bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganishlar davomida ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning mavjud muammo va ehtiyojlari birma-bir aniqlab olindi. Oilalarning turmush sharoiti, daromad manbalari, mehnatga layoqatli a’zolarining bandligi hamda qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi.
Eng muhimi, aniqlangan muammolarni shunchaki qayd etish bilan cheklanib qolmasdan, ularni joyida hal etish, oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, yangi daromad manbalarini shakllantirish va oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Bu esa bugungi ijtimoiy siyosatning mohiyatini — insonni faqat moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash emas, balki unga mustaqil daromad topish, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish va oilasi farovonligini o‘z mehnati bilan ta’minlash uchun sharoit yaratish tamoyilini yaqqol namoyon etadi.
Darhaqiqat, kambag‘allikni qisqa muddatli yordam bilangina yengib bo‘lmaydi. Buning uchun oilada barqaror daromad manbaini yaratish, mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va zarur hollarda kasb-hunarga o‘qitish muhim ahamiyatga ega.
Tashrif davomida mahalladagi yoshlar bilan ham uchrashuv tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, muammo va takliflari tinglandi.
Bugun yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash har qachongidan ham muhim. Chunki yoshning qo‘lida kasb, qalbida maqsad va hayotida munosib daromad manbai bo‘lsa, u nafaqat o‘z kelajagini, balki oilasi va jamiyatining ertangi kunini ham barpo etadi.
Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish hamda munosib daromad topishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlarning bildirgan taklif va murojaatlari yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Har bir xonadonga kirib borish, oilaning sharoitini o‘rganish, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘z og‘zidan eshitish va ularning imkoniyatlarini hisobga olgan holda aniq yechim topish — samarali ijtimoiy siyosatning muhim shartidir.
Zero, har bir oilaning farovonligi — mahalla farovonligi, har bir yoshning kelajakka ishonchi esa jamiyatning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









