Amudaryo tumani IIB boshlig‘ining tuman aholisiga murojaati
2026-09-08 18:25:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar, muhtaram opa-singillar, aziz yoshlar, hurmatli fuqarolar!
Men, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Sherimbetov Maxsud Rustambayevich, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash kabi mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelmoqdaman.
Barchamizga ma’lumki, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan, zamonaviy va professional tizimga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jinoyatchilikning oldini olish — ustuvor vazifa
2026-yilning sakkiz oyi davomida Amudaryo tumanida jami 114 ta jinoyat qayd etilgan. Shundan 50 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan, 57 tasi mahalla hududida sodir etilgan, 58 tasi esa aniqlangan jinoyatlarni tashkil etadi. Qayd etilgan jinoyatlarning 5,2 foizi kiber sohada, ya’ni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan.
Jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida tumandagi mavjud 49 ta mahallaning 38 tasida, ya’ni 77,6 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shu bilan birga, 49 ta mahallaning 1 tasida kriminogen vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Tahlillar jinoyatchilikning kelib chiqishida ko‘pincha ijtimoiy muammolar asosiy omil bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Beshtom, Oybek, Ayoqchi, Durunki, Toryop, Beruniy, Bo‘ston, Navoiy, Choyko‘l va O‘rta qal’a mahallalarida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mahalla yettiligi bilan hamkorlikdagi profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Bugungi kunda jinoyatchilikni yangicha yondashuv asosida tahlil qilish, uning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning vazifalarini belgilash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish
Prezidentimiz tomonidan 2026-yil 3-yanvarda “2026-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlar imzolangan.
Mazkur hujjatlar asosida tumandagi 49 ta mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlanib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
2026-yilning sakkiz oyi davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda 541 ta xonadon va obyektni qo‘riqlash xizmatiga topshirish bo‘yicha fuqarolardan arizalar olinib, mazkur obyektlar qo‘riqlash xizmatiga qabul qilindi.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan 89 nafar shaxs bilan profilaktik ishlar olib borilib, ular rasman ogohlantirildi. Tazyiq yoki zo‘ravonlikdan jabrlangan 166 nafar ayolga himoya orderlari berildi. Shuningdek, 11 nafar shaxs himoya orderi talablarini buzgan taqdirda qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirildi.
Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 266 ta ko‘p qavatli uy va yakka tartibdagi xonadon hamda 128 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti texnik qo‘riqlovga olindi. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga shartnoma asosida 31 ta “tashvish tugmasi” va 19 ta domofon o‘rnatildi.
Ta’lim muassasalarida ham profilaktik ishlar kuchaytirildi. Maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash bo‘yicha 66 marotaba profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tarbiyasi og‘ir, deviant xulq-atvorli o‘quvchilar bilan 37 marotaba psixologik va profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Dars vaqtida maqsadsiz yurgan 28 nafar voyaga yetmagan ta’lim jarayoniga qaytarildi.
Kiberjinoyatlardan ogoh bo‘laylik!
Bugungi kunda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi hayotimizni ancha qulaylashtirayotgani bilan birga, kiberxavfsizlik masalasini ham dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Amudaryo tumani fuqarolaridan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim fuqarolar Telegram ilovasi orqali yuborilayotgan “Bu sening fotosuratlaring.apk” kabi zararli ilovalarni telefoniga yuklab olishi oqibatida bank kartalaridagi mablag‘lardan ayrilayotgani aniqlanmoqda.
Shuningdek, “Uyda o‘tirib, treyding orqali oson pul topishingiz mumkin” mazmunidagi yolg‘on xabarlarga ishonib, firibgarlarning hisob raqamlariga o‘z mablag‘larini o‘tkazib yuborish holatlari ham uchramoqda.
Shu sababli fuqarolardan noma’lum manbalardan kelgan havola va ilovalarni yuklab olmaslik, bank kartasi ma’lumotlari, SMS orqali keladigan tasdiqlash kodlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik so‘raladi.
Jinoyatchilikning oldini olish — barchamizning vazifamiz
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarimizda xavfsiz muhitni ta’minlash faqat ichki ishlar organlarining emas, balki barchamizning umumiy vazifamizdir.
Shu bois, mol-mulkingizni e’tiborsiz qoldirmasligingizni, shaxsiy ma’lumotlaringiz va bank kartasi raqamlarini begona shaxslarga bermasligingizni, uy-joy va avtomashina oldi-sotdisida hushyor bo‘lishingizni so‘raymiz. Oila va mahallada o‘zaro ahillikni mustahkamlash, farzandlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik ham jinoyatchilikning oldini olishda muhim omildir.
Har qanday jinoyat yoki huquqbuzarlik holatiga duch kelganingizda, zudlik bilan hudud profilaktika inspektoriga yoki tuman IIBning “102” va “112” qisqa raqamlariga murojaat qiling.
Bugungi tinch va farovon hayotimiz, mahallalarimizdagi osoyishtalikni asrash har birimizdan mas’uliyat va hamjihatlikni talab etadi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli burchidir.
Keling, mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish yo‘lida birgalikda, hamjihatlikda harakat qilaylik!
Maxsud Rustambayevich Sherimbetov,
Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik
