Fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilishda yangi imkoniyatlar
2026-08-28 12:35:00 / Yangiliklar

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi huquqiy institutlarni amaliyotga joriy etish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ushbu sudlarning rolini yanada oshirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslariga hamda «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga iqtisodiy sudlarning ma’muriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ma’muriy sud tomonidan nizolarni hal etish jarayonida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga eksterritorial sudlovga tegishlilikni joriy etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organining mansabdor shaxsi yoki uning vakili ma’muriy sudning majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash tartibini, ishonchning huquqiy himoyasi prinsipini va dastlabki eshituv institutini kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganligi sababli qarzdorga nisbatan qo‘zg‘atilgan boshqa da’volar ko‘rib chiqilmagan hollarda, shuningdek dastlabki eshituv natijalariga ko‘ra ariza ko‘rmasdan qoldirilganda to‘langan davlat boji qaytarib berilishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun sudlarga murojaat qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga, sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.
A.Joldasova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi.
