AMUDARYO TUMANI IIB BOSHLIG‘I MAXSUD SHERIMBETOVNING FUQAROLARGA MUROJAATI
2026-08-25 20:25:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli Amudaryo tumani fuqarolari!
Bugun biz jamiyatimizda uchrab turadigan og‘ir huquqbuzarliklardan biri — qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyati haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Inson salomatligi — eng oliy ne’mat va bebaho boylik. Afsuski, ayrim hollarda fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik, jahl yoki e’tiborsizlik oqibatida bir-biriga tan jarohati yetkazish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Bunday jinoyatlar ko‘pincha:
-
maishiy kelishmovchiliklar;
-
ko‘cha va jamoat joylaridagi janjallar;
-
spirtli ichimliklar ta’siri;
-
yoshlar o‘rtasidagi nizolar natijasida sodir etilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, har qanday nizoni kuch ishlatish orqali hal qilish — nafaqat huquqbuzarlik, balki inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfli yo‘ldir.
Qonun oldida barcha teng. Bunday noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan shaxs qonun oldida javob beradi va jazo muqarrar.
Aziz yurtdoshlar!
Har birimiz o‘z xatti-harakatimiz va qarorlarimiz uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak. Har qanday nizoni tinch yo‘l bilan, o‘zaro muloqot va murosa orqali hal etish — eng to‘g‘ri qarordir.
Amudaryo tumani IIB, Mahalla yettiligi hamda jamoatchilik faollari bilan hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik targ‘ibot va tushuntirish ishlariga qaramasdan, 2026-yilning 7 oyi davomida Amudaryo tumanida qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyati 2 tadan 3 taga oshib, 50 foizga ko‘paygan.
E’tiborlisi, ushbu jinoyatlarning barchasi arzimas maishiy kelishmovchiliklar hamda yoshlar o‘rtasidagi oddiy tortishuvlar oqibatida sodir etilgan.
Fuqarolarimiz shuni yaxshi anglab yetishlari lozimki, bunday turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunchilikda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shunday ekan, bir lahzalik jahl yoki o‘tkinchi hissiyot sabab o‘z hayotingizni, oilangiz tinchligini va kelajagingizni xavf ostiga qo‘ymang.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish — barchamizning umumiy vazifamizdir.
Har bir fuqaro qonunga hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilsa, bunday jinoyatlarning oldini olish mumkin.
O‘zaro hurmat, sabr-toqat va murosa — tinch va farovon jamiyatning eng muhim mezonlaridandir.
E’tiboringiz uchun rahmat!
