Amudaryo tumani prokurori Ravshanbek Bauaddinovning tuman aholisiga murojaati
2026-08-25 17:50:00 / Yangiliklar

Hurmatli Amudaryo tumani aholisi!
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga murosasiz kurashish, ularning oldini olish borasida profilaktik tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada kamaytirishga erishilmoqda.
Biroq, joriy yilning o‘tgan davrida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari keskin oshgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday hodisalarning asosiy sabablari — yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik, e’tiborsizlik va mas’uliyatsizlik, transport vositasini mast holatda boshqarish, haydovchilik madaniyatining pastligi, transport vositalarining texnik nosozligi, shuningdek, haydovchilarda yetarli tajriba va ko‘nikmalarning mavjud emasligidir.
Shu bois, barcha fuqarolarimizni yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Hurmatli haydovchilar!
Yo‘llarda transport vositasini boshqarishda:
yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qiling;
belgilangan tezlik me’yoridan oshirmang;
svetofor signallari va yo‘l belgilari talablariga amal qiling;
mast yoki charchoq holatda transport vositasini boshqarmang;
harakat vaqtida telefondan foydalanmang, diqqatingizni yo‘ldan chalg‘itmang;
transport vositangizning texnik holatiga e’tiborli bo‘ling;
yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga hurmat bilan munosabatda bo‘ling;
yo‘llarda sabrli, hushyor va mas’uliyatli bo‘ling.
Zero, ruldagi bir lahzalik e’tiborsizlik insonning butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin. Har bir haydovchi yo‘lda nafaqat o‘z hayoti, balki boshqalarning hayoti va xavfsizligi uchun ham mas’uldir.
Barchangizni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga, yaqinlaringiz va farzandlaringiz xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikka chaqiraman.
“Yo‘l qoidasi — umr foydasi!”
Hurmat bilan,
Amudaryo tumani prokurori
Ravshanbek Bauaddinov
