AMUDARYO TUMANI IIB BOSHLIG‘I MAXSUD SHERIMBETOVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-08-03 17:45:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli Amudaryo tumani aholisi!
Hurmatli Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-2-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimiz mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Natijada, joriy yilning 7 oyi davomida tumanda sodir etilgan jami jinoyatlardan 52 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
O‘tgan yilning mos davriga nisbatan:
-
badanga yengil tan jarohati yetkazish holatlari (5/4) — 20 foizga;
-
firibgarlik jinoyatlari (5/3) — 33,2 foizga;
-
o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisalari (16/8) — 50 foizga kamaydi.
-
"Kartangizni ijaraga olamiz, oyiga pul to‘lab beramiz" kabi takliflarga ishonmang;
-
"Siz yutuq yutdingiz", "Qimmatbaho sovg‘a yubordik", "Yordam puli ajratildi", "Pulingizni ko‘paytirib beramiz" kabi va’dalar bilan murojaat qilayotgan notanish shaxslarga ishonmang;
-
internet orqali kelgan "Bu sizmisiz?", "Eski rasmingizni topdik" mazmunidagi hamda APK virusli fayllarni ochmang;
-
o‘zini bank xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili deb tanishtirgan notanish shaxslarga bank kartangiz raqami, PIN-kodi, SMS-kod yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni bermang;
-
internetdagi savdo reklamalariga ishonib, qo‘lingizga yetib kelmagan mahsulot uchun oldindan pul o‘tkazmang;
-
chet davlatlarda ish bilan ta’minlashni va’da qilayotgan shaxslarga ishonib, ularga oldindan pul yubormang.
Shuningdek, onlayn qimor o‘yinlari insonni moliyaviy inqiroz va turli salbiy oqibatlarga olib kelishini unutmasligimiz kerak.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar!
Tumanda o‘g‘rilik jinoyatlarining oldini olish maqsadida sizlardan:
-
xonadon va savdo obyektlarini qo‘riqlash pultiga ulashingizni;
-
savdo obyektlari atrofiga tungi yoritish chiroqlari hamda videokuzatuv kameralarini o‘rnatishingizni;
-
chorva mollarini dala va yaylovlarda qarovsiz qoldirmasligingizni so‘raymiz.
Shuningdek, tumanimizda yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa o‘lim bilan bog‘liq holatlar ko‘payayotganligi sababli barcha haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishni hamda belgilangan tezlik me’yoridan oshmaslikni so‘rayman.
Hurmatli fuqarolar!
Agar huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etayotgan shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, mahallangizdagi profilaktika inspektoriga yoki 112, 61-515-35-02, 61-515-15-02 telefon raqamlari orqali zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
