Tuman qishloq xo‘jaligi: yarim yillikdagi yuqori natijalar
2026-08-01 09:35:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi — tuman iqtisodiyotining asosiy va harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z natijasini bermoqda.
Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, tumanimizda parvarishlanayotgan chorva mollari va parrandalar sonida sezilarli darajada o‘sish kuzatildi. Xususan, yirik shoxli qoramollar bosh soni 145 ming 800 taga yetgan bo‘lib, shundan 38 ming 800 boshini sigirlar tashkil etadi. Shuningdek, tuman xo‘jaliklarida 60 ming 400 bosh qo‘y va echkilar, 600 bosh otlar hamda 1 million 88 ming boshdan ortiq parrandalar boqilmoqda.
Fermer xo‘jaliklari tomonidan 2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida yetishtirilgan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi ham salmoqlidir. Dastlabki yarim yillikda 49 ming 613,3 tonna bug‘doy o‘rib olindi. Bundan tashqari, mirishkor dehqonlarimiz tomonidan 2 828,2 tonna kartoshka, 9 882,1 tonna sabzavot, 4 505,4 tonna poliz ekinlari, 2 675,3 tonna meva va rezavorlar hamda 322,0 tonna uzum hosili yig‘ishtirib olindi.
Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishida esa tirik vaznda 382,2 tonna go‘sht, 2 245,9 tonna sut, 3 769,4 ming dona tuxum, shuningdek, 7,3 tonna jun tayyorlandi.
Ushbu barcha statistik ko‘rsatkichlar tumanimizda agrar soha, xususan, qishloq xo‘jaligi tarmog‘i jadal sur’atlar bilan kengayib, izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Nurjamol To‘liboyeva, tuman Statistika bo‘limi yetakchi mutaxassisi
