Amudaryo tumani hokimining navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi
2026-07-10 14:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10-iyul kuni Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametovning aholi va tadbirkorlar uchun navbatdagi shaxsiy qabuli tashkil etildi. Ochiq muloqot fuqarolarning kundalik hayotidagi eng dolzarb muammolarini chuqur o‘rganish va ularga o‘z vaqtida qonuniy yechim topish maqsadida o‘tkazildi.
Samimiy ruhda o‘tgan qabulda 44 nafar fuqarodan turli sohalarga oid 49 ta murojaat kelib tushdi. Ularning asosiy qismini bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda subsidiya asosida uskunalar ajratish masalalari tashkil etdi.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan uy-joy qurish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kommunal infratuzilmani yaxshilash (suv, elektr tarmoqlari, quyosh panellari) hamda ekologik holat, xususan tosh maydalash zavodlari changini nazorat qilish va chiqindilarni olib chiqish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordam so‘raldi.
Murojaatlarning aksariyatiga shu joyning o‘zida huquqiy tushuntirishlar berildi. Ijrosi vaqt talab etadigan masalalar nazoratga olinib, ularni qonuniy va ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq muddatli topshiriqlar berildi.




